O‘zi qanday odam ishsiz sanaladi? Ishsizlik — ishlash layoqatiga ega bo‘lgan va mehnat qilish istagini bildirgan iqtisodiy faol fuqarolarning ish topa olmasligi.
Ishsizlik juda ko‘p muammolarga zamin yaratadi — jinoyatchilik oshadi, oilalarda notinchlik paydo bo‘ladi, bolalarning tarbiyasi buziladi. Ishsizlikning ma'lum darajaga yetishi hatto davlatchilik tanazzuliga ham sabab bo‘lishi mumkin. Ya'ni bu yerda illatli doira paydo bo‘ladi: ishsizlar ko‘payishi davlatni zaif qiladi, zaif davlatda esa ishsizlar yanada ko‘payadi. Lekin dunyoning xoh rivojlangan, xoh rivojlanayotgan biror davlati yo‘qki, ishsizlik muammosi bo‘lmasa.
Bizni ko‘proq o‘zimizdagi holat qiziqtiradi. O‘zbekistonda rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ishga layoqatli aholining taxminan 10 foizi ishsiz. Ya'ni ichki mehnat bozorida band bo‘lganlar, chetga ketganlardan tashqari 1,5 mln nafarga yaqin fuqaro ishsiz hisoblanadi.
Ishsizlik jiddiy muammo ekanligi, unga qarshi astoydil kurashish zarurligini e'tirof etgan holda, bugun masalaga ikkinchi tarafdan yondashib ko‘ramiz.
Bugun aksariyat tashkilotlar, ayniqsa nodavlat kompaniyalar yaxshi xodimlar qidirib, bo‘sh ish o‘rinlari haqida e'lonlarni muntazam joylashtirib borishadi. Eng katta ish beruvchi bo‘lgan davlat tizimida ham vakant talaygina.
Misolga e'tibor bering: Toshkent viloyatida 130 ming aholi ishsiz, kelgusi besh yilda 270 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Ayni paytda viloyatda 8 ming pedagog, 11 ming muhandis va texnologlar, 3 ming agronom va veterinar, 7 mingdan ziyod IT sohasida, geologiya va qurilish-loyihalash sohalarida kadrlar yetishmaydi.
Bu prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifidagi nutqidan, ya'ni birinchi manbadan olingan ma'lumotlar.
Kimdir muttasil ish izlaydi, qaysidir tashkilotlar esa malakali xodimga zor. Xo‘sh, nega shunaqa? Albatta, maosh kamligi, ish sharoitlarini og‘irligi, geografik noqulaylik kabi jiddiy sabablar bor. Lekin tanganing ikkinchi tarafiga e'tibor berilsa, boshqa jiddiy sabablarni ham ko‘rish mumkin: sabr-toqat yo‘qligi, malaka yetishmasligi, noreal orzular shular jumlasidan.
Afsuski, juda ko‘pchilik yoshlar, ya'ni mehnat bozorini muttasil to‘ldirib borayotganlar amalda imkonsiz talablar bilan ham qimmatli vaqtlarini, ham yaxshi imkoniyatlarini yo‘qotadi. Chunki hech kim yosh mutaxassisni diplomi borligi uchungina, yoki shu odam ishsizligi uchungina (deylik) 10 mln so‘m maosh bilan kutib o‘tirmaydi.
Har qanday ishga va maoshga talabgor zarur bo‘lsa eng quyi pog‘onadan boshlab o‘zini ko‘rsata bilishi lozim va hatto shart bu. Nega? Chunki qiyinchiliklar insonni toblaydi, mutaxassis sohaga oid zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ladi, shu paytgacha ota-onasi qaramog‘ida yurganida his qilmagan narsani — pul oson topilmasligini anglab yetadi. Eng muhimi – vaqt o‘tgani sayin turtina-surtina tajribasini oshirib boradi.
Sabot bilan ishlagan, bilimi va salohiyati chindan bo‘lgan mutaxassis har qanday tashkilotda o‘z o‘rnini topa boradi. Tabiiyki, maoshlar ham oshadi, hech kim bunday xodimni qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Vaqt kelib lavozim ham ko‘tariladi, katta daromad ham topiladi, boshqa joylardan yaxshi takliflar ham kelib tusha boshlaydi.
Bugungi vaziyat qanaqa? O‘zbekiston aholisi jadal ko‘payayotgan, har yili o‘rtacha 700 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelayotgan mamlakat. Albatta, ularning hammasini ish bilan ta'minlab borish imkonsiz. Lekin hech bo‘lmasa bo‘sh ish o‘rinlarini band qilishga nima to‘sqinlik qilmoqda?
«Ish yo‘q, bor ishning oyligi kam», deya nolish bilan nimani o‘zgartirish mumkin? O‘sha oz maosh olmaydigan, yoki biror kasb bilan band bo‘lmaydigan odamning maqomi oziga qanoat qilganga va yaxshilikka umid qilayotganga teng kelmaydi-ku?
Ish qidirganlarning aksariyatida «har qanday ishga kirish uchun albatta pora berish zarur», degan dogmatik qarash bor. Unutmang: har doim ham davlat asosiy ish beruvchi bo‘lib qolmaydi, nodavlat tashkilot esa o‘ziga o‘zi zarar qilib, pora olish yo‘li bilan keraksiz xodimni ishga olmaydi.
Bu yerda muhim bir jihatni esdan chiqarmaslik lozim — gap aynan mehnatga tayyor, ma'lum darajada bilim va qobiliyatga ega, qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tishga tayyorlar haqida ketmoqda. O‘zi biror narsani eplay olmaydigan, salohiyat nol, ammo ambitsiyalari ummon bo‘lganlar haqida emas.
Bitta Toshkent viloyatining o‘zidagi davlat tashkilotlarida shuncha ish o‘rni bor ekan, respublika bo‘yicha ishsizlik va bo‘sh ish o‘rinlariga oid raqamlarga qiziqib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan bog‘landik.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov Kun.uz’ga taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yil 9 oy natijasi bilan O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil qilgan (o‘tgan yil shu davrda 11,1 foiz), ishsizlar 1 million 417 mingta (o‘tgan yili 1 mln 912 ming).
Bo‘sh ish o‘rinlari 234 mingni tashkil qildi, shundan 92 mingtasi davlat tashkilotlari, 142 mingtasi xususiy sektordagi sub'yektlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
«Bo‘sh ish o‘rniga qo‘yilgan minimal talablar – 107,3 mingtasi oliy (46 foiz), 104 mingtasi (44 foiz) o‘rta maxsus ma'lumotli kadrlarga talab qo‘yilgan bo‘lsa, 23,1 mingtasi (10 foiz) maxsus ma'lumot talab qilmaydigan bo‘sh ish o‘rinlarini tashkil etadi.
Xususan, xizmat ko‘rsatishda — 54,7 ming, ta'limda — 52,2 ming, sanoat ishlab chiqarishda — 48,9 ming, sog‘liqni saqlashda — 21,9 ming, qurilishda — 15,7 ming, qishloq xo‘jaligida — 12,1 ming, moliya-sug‘urta sohasida — 5,7 ming, aloqa va axborot texnologiyalari sohasida — 4,6 ming, boshqa sohalarda 18,3 ming bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Mehnat organlariga joriy yilda 842 ming nafar fuqarolar murojaat qilgan, ularning 61 ming nafari (7 foiz) oliy, 181 ming nafari (21 foiz) o‘rta maxsus, 600 ming nafari (71 foiz) o‘rta ma'lumotli ish qidiruvchilar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Bundan ma'lum bo‘ladiki, mehnat bozorida asosan oliy va o‘rta maxsus ma'lumot ega bo‘lgan kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgani holda, ish qidiruvchilarning asosiy qismi (74 foiz) o‘rta ma'lumotli ish qidiruvchilarni tashkil etadi.
O‘rta ma'lumotli ish qidiruvchilarning bandligiga ko‘maklashish maqsadida, xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, 2 035ta kasblarga bo‘lgan talablar oliy ma'lumotdan o‘rta ma'lumotga tushirildi. Bundan tashqari, oliy ma'lumot talab etadigan bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodning talab etiladigan ma'lumoti bo‘lmasa-da, lekin amaliy ko‘nikma va tajribasi mavjud bo‘lsa, malakani baholash markazlarida imtihon topshirib, ularning guvohnomasi bilan ishga kirishi mumkin.
Ishchi kasblar bo‘yicha yaxshi mutaxassislarga talab va ularning ish haqi darajasi ham oshmoqda. Kasblar bo‘yicha hisobchi — 8,4 ming (3,6 foiz), haydovchi — 8,6 ming (3,7 foiz), tikuvchi — 7,4 ming (3,2 foiz), maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisi — 5,7 ming (2,4 foiz), muhandis — 3,1 ming (1,3), chilangar — 3,8 ming (1,6 foiz), oshpaz — 2,4 ming (1 foiz), duradgor — 4,9 ming (2,1 foiz), sotuvchi 2,1 ming (1 foiz) va hokazolarga talab mavjud.
Xo‘sh, savol tug‘iladi mumkin, ushbu kasblarga qayerda o‘rganish mumkin?
Mehnat vazirligi tasarrufida barcha hududlarda tashkil etilgan 16ta «Ishga marhamat» monomarkazlari hamda 59ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Yil boshidan 97 ming nafar band bo‘lmagan fuqarolar (shundan 67 ming nafar ayollar) bepul kasb-hunarga o‘qitildi hamda ular tarkibidagi ishsizlarga o‘qish davrida 50 mlrd so‘m stipendiya to‘lab berildi», deydi Muhitdinov suhbat chog‘ida.
Ko‘rinib turibdiki, hozir kamida 230 mingta tasdiqlangan, maoshi oz bo‘lsa-da, muntazam, doimiy ish o‘rinlari o‘z egalarini kutmoqda. O‘zbekistonda santexnik, slesar, payvandchi, elektrik kabi bir qarashda oddiy kasblarda ham katta yetishmovchilik mavjudligi hech kimga sir emas. Uy ta'mirlaydiganlar yoki quradiganlar buni juda yaxshi his qilishadi. Ammo yoshlarning aksariyati uzoq o‘qish va tajriba talab qilmaydigan, lekin yaxshi daromad keltiradigan bunday kasblarni pisand qilmaydilar.
Marhum Anvar qori Tursunov o‘z ma'ruzalaridan birida shunday degandi: «Bir yigitni ishga joylashtirmoqchi bo‘ldik. «Domla, oyligi 600 ming so‘m ekan, bola-chaqamni qanday boqaman?», – dedi. «Uka, baribir bekor ham yuribsiz, yaxshi niyat bilan boshlab turavering, uyog‘i Allohdan» deya oq fotiha berdik. Bu yil shu yigit o‘zidan orttirib muhtojlarga zakot ham berdi...»
Xulosa o‘zingizdan.
Abror Zohidov