Germaniyadagi DB Schenker logistik kompaniyasining 15 mingga yaqin xodimi o‘z ish o‘rnidan xavotirda, shu boisdan ko‘plab ishchilar Germaniyaning turli shaharlarida mitinglarga chiqdi, deb xabar beradi Bild.
«Janob Shols [kansler] va janob Lindner [moliya vaziri] ish o‘rinlarimizni himoya qilinglar. Biz muvaffaqiyatli kompaniyamiz va xodimlarimiz fantastik ishlarni amalga oshiradi. Endi Germaniyadagi yana bir yirik kompaniya yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida», — deydi Myunxendagi Schenker korxonasining Ishchi kengashi raisi Mario Lemann.
Deutsche Bahn’ning shu’ba kompaniyasi bo‘lgan Schenker’ning aylanma mablag‘lari qariyb 20 milliard yevroni tashkil etadi, shu bilan birga DB kompaniyasining 33 milliard yevroga yaqin qarzdorligi mavjud va u hozirda katta miqdordagi mablag‘larga muhtoj.
Schenker’ni sotib olishga ikkita nomzod bor — Daniyaning DSV kompaniyasi va CVC to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi. Ikkala nomzod ham kompaniya uchun 14 milliard yevroga yaqin pul taklif etmoqda.
Ver.di kasaba uyushmalarining ma’lum qilishicha, logistika kompaniyasi Daniyaning DSV firmasiga sotilgudek bo‘lsa, ish o‘rinlari ommaviy qisqaradi — butun Germaniya bo‘ylab 5,3 ming nafar xodim ishsiz qolishi mumkin.
«Agar Schenker DSV’ga sotilsa, u birlashtirib yuboriladi va mustaqil kompaniya sifatida mavjud bo‘lmay qoladi», — deydi tender ishtirokchilaridan biri.
Vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, DSV rostdan ham ish o‘rinlarini qisqartirishni reja qilgan, ammo minglab xodimlarni emas, balki 900 nafardan 1200 nafargacha xodimni bo‘shatishi mumkin.