Ayollarning ishlamasligi: madaniy cheklovmi yoki iqtisodiy?

Jamiyat 16:39 / 02.01.2025 4532

O‘zbekistonda ayollarning ishlamasligini izohlaganda, asosan gender tengsizlikka olib keluvchi omillar, ya’ni patriarxal tuzum, oila a’zolarining aralashuvi, "macho mentaliteti" kabi konservativ tushunchalar sabab qilib ko‘rsatiladi.

Keng tarqalgan narrativlar ayollarning ishlamasligiga, masalan, quyidagilarni sabab qilib ko‘rsatadi:

  • Jamiyat "macho mentalitet"ga ega, ya’ni erkaklarga qaratilgan kutilmalar juda ko‘p. Qolaversa, erkaklar kuchli rashk tufayli ayolining ishlashiga qarshi bo‘ladi.
  • "Ayollar kamroq qobiliyatli, shuning uchun ularning joyi uyda" kabi stereotiplar mavjud.
  • "Ishlash ayolning ayollik xususiyatlariga putur yetkazadi" kabi stereotiplar ham keng tarqalgani bois ayollar haq to‘lanadigan ishlarda ishlamaydi.

Tushunganingizdek, ayollarning ishlamasligi gender tengsizligi yoki madaniy normativlar bilan izohlanadi: konservativ qarashlar va patriarxal tuzum tufayli, erkaklar ayollarning ishlashiga to‘sqinlik qilishi yoki ularning uy-ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanishini talab qilishi ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini cheklaydi.

Jahon bankining 2024 yilgi "O‘zbekistonda gender tengligi tahlili"ga ko‘ra, ayollar o‘rtasidagi ish haqi va bandlikning pastligi iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va kambag‘allikni kuchaytirmoqda. Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, O‘zbekistonda milliy daromad 29 foizga oshar ekan. Ayollarning erkaklar bilan bir xil maosh olishini ta’minlash esa 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam berar ekan.

Sababmi yoki oqibat?

Yuqorida sanab o‘tilgan ijtimoiy normativlar, aslida, iqtisodiy sharoitlarning oqibati bo‘lishi mumkin. Ayollarning ishlamasligi, O‘zbekiston kabi past daromadli mamlakatlarda, odatda, iqtisodiy jihatdan “tabiiy qaror” bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, ayollarning ishlashi ko‘pincha iqtisodiy jihatdan samarasiz sanaladi. Chunki bolalarni bog‘chaga berish, uy-ro‘zg‘or ishlari xizmatini yoki ovqat tayyorlash xizmatini sotib olish kabi xarajatlar ayolning ishlashidan keladigan daromaddan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Ya’ni haq to‘lanadigan ishning muqobil qiymati bo‘lmish haq to‘lanmaydigan ishning qiymati ancha yuqori. Shu tufayli, ayollarning ishlamasligi oilaga iqtisodiy jihatdan foydaliroq hisoblanadi. Masalan, o‘zbekistonlik ayollarning uchdan ikki qismi 2 mln so‘mgacha maosh oladi. Shu bilan birga, atigi 1 foizining oylik maoshi 5 mln so‘mdan oshadi.

Ko‘rib turganingizdek, bunday maosh bilan ayollarning ishlashi, oila uchun iqtisodiy jihatdan noratsional qaror sanaladi. Ovqat, transport, uy yumushlari xizmati yoki bola tarbiyasi xizmatini sotib olish xarajatlari ayollarning o‘rtacha oylik maoshidan ancha yuqori. Nafaqat O‘zbekistonda, balki barcha kambag‘al mamlakatlarda shu omil sabab haq to‘lanadigan ishlarda ayollarning ulushi erkaklarnigiga nisbatan kam bo‘ladi.

HeadHunter ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar asosan tibbiyot, ta’lim muassasalari, buxgalteriya, xodimlarni boshqarish, san’at va madaniyat kabi xizmatlar sohasida ishga taklif qilinadi. Shu bilan birga, 2023 yil yakunlariga ko‘ra YaIM tarkibida xizmatlar sohasi ulushi 43,4 foizni, qurilish, sanoat va qishloq xo‘jaligi ulushi esa 56,6 foizni tashkil etgan. Xizmatlar sohasida Toshkent shahrining ulushi 45-50 foizdan yuqori ekanini inobatga olsak, boshqa viloyatlarda ayollar uchun ish taklifi Toshkent shahriga nisbatan ancha kamligini taxmin qilish mumkin. Qisqa qilib aytganda, mamlakatda ayollar ishga taklif qilinayotgan sektor ulushi erkaklar taklif qilinayotgan sektor ulushidan kamroq.

Madaniy normativlarning iqtisodiy ildizi

Gender tengsizligi yoki konservativ qarashlar – iqtisodiy sharoitlarga moslashgan ijtimoiy normativlardir. Iqtisodiy sharoitlar yaxshilangach, bunday normativlar o‘zgarishi mumkin.

Masalan, Ister Dyufloning "Ayolning imkoniyatlari va iqtisodiy taraqqiyot" nomli tadqiqotida iqtisodiy imkoniyatlar oshgani sari ayollar mehnat bozorida faolroq bo‘la boshlashi ta’kidlangan. Iqtisodiy resurslarning ko‘payishi, tabiiyki, uy ishlaridagi yukni kamaytiradi va mehnat bozorida ayollar ham faolroq ishtirok eta oladi.

Oson sotiladigan javoblar

Patriarxal madaniyatni asos qilib keltirish iqtisodiy mantiqni tushuntirishdan ko‘ra osonroq. Erkaklar ayollarga “ishlama, uyda o‘tir” deyish orqali iqtisodiy samarasizlikni yashirishga urinishlari mumkin. Boshqacha qilib aytganda, ishlash qimmatga tushishini tushunish va tushuntirishdan ko‘ra, o‘zining dominant ekanini eslatish yengilroq javob bo‘lishi mumkin.

Gari Bekkerning oila iqtisodiyoti bo‘yicha nazariyasida gender rollari va qarorlar ko‘pincha iqtisodiy foyda va xarajatlarga asoslangani ta’kidlanadi. Uning “Oila haqida risola” nomli asarida oilalar vaqt va resurslarni qanday taqsimlashi va o‘zaro kelishuvga kelishini tahlil qiladi. Bekkerning nazariyasi an’anaviy gender rollarini oila ichidagi ixtisoslashuvning oqibati sifatida tushuntiradi. Hammasi oddiy: mehnat bozorida yuqori daromad olish imkoniga ega shaxs (odatda erkak) ishlaydi, ayol esa uy xo‘jaligi ishlariga e’tibor qaratadi. Bunday qarorlar oilaning umumiy foydasini maksimal darajaga yetkazish maqsadida qabul qilinadi. Shu bilan birga, gender normativlari iqtisodiy o‘zgarishlarga moslashadi, deb ta’kidlaydi u.

Nima uchun ayollarning ish haqi erkaklarnikiga nisbatan past?

Kambag‘al mamlakatlarda mehnat bozorida ayollarga nisbatan diskriminatsiya keng tarqalgan. Bu muammo ham iqtisodiy sharoitlar bilan bog‘liq.

Rivojlanmagan iqtisodiyotlarda, jumladan O‘zbekistonda ham, yuqorida yozilganidek ko‘proq qo‘l mehnati talab qilinadigan sohalar rivojlangan bo‘lib, ular odatda erkaklar uchun mosroq hisoblanadi. Bu ayollarning mehnat bozorida diskriminatsiyaga uchrashiga olib keladi.

Bundan tashqari, ayollar farzandli bo‘lgandan keyin kasbiy faoliyatini cheklashga yoki tanaffus qilishga majbur bo‘lishadi. Bu esa ularning ish imkoniyatlarini pasaytirishi mumkin. Ko‘plab ish beruvchilar ayollarning tug‘ruq ta’tili yoki oilaviy majburiyatlari sababli ular kamroq foyda keltiradi deb hisoblashadi. Bu haqda iqtisodchi Charlz Uilan ham o‘zining "Yalang‘och iqtisodiyot" kitobida yozib o‘tgan.

Xulosa

Ayollarning ishlamasligi ko‘pincha madaniy normativlar yoki gender tengsizligiga bog‘liq, degan fikr yuzaki va noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Asl sabab kambag‘al mamlakatlardagi iqtisodiy sharoitlar bilan bog‘liq. Madaniy normativlar yoki biz ko‘p tilga oladigan gender tengsizligi bu sharoitlarning oqibati bo‘lib, ular iqtisodiy sharoit yaxshilanganda o‘zgarishi mumkin. Iqtisodiy o‘sish ayollarni mehnat bozoriga jalb qiladi, ularning ta’lim darajasi hamda ish haqlarining oshishiga olib keladi.

Muhammad Turniyozov

Ko‘proq yangiliklar: