Kutubxonalar – yoppasiga yopilgan ilm maskanlari

Jamiyat 15:51 / 27.10.2021 13894

Kichkina bo‘lsa ham, bog‘ing va kutubxonang bo‘lsa, sen hech narsaga muhtoj emassan, deydi qadimgi Rim faylasufi Sitseron.

Bizni esa tobora kamayib borayotgan bog‘lar va daraxtlar bilan birga, yo‘qlik qa'riga singib borayotgan kutubxonalar ham tashvishga soladi.

Kutubxonalarga nisbatan nega “yo‘qlik qa'riga singib borayotgan” sifatdoshini ishlatganimizni raqamlar aytadi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kutubxonalar va axborot resurs markazlarining soni 2000 yilda 6027tani tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib 400 dona qolgan.

20 yil oldin shaharlarimizda 1013 ta kutubxona bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilda ularning soni 361taga tushgan.

Qishloqlarda saqlanib qolgan kutubxonalarga oid raqamlar yana ham hayratlanarli: 20 yil ichida 5014ta kutubxonadan 39tasi qolgan xolos.

“Jamiyat fojiasi kitob o‘qish kamayishidan boshlanadi”

Qishloqlar mayli, hatto shaharlarda vaziyat ham havas qilgulik emas. Bu haqda bukbloger Mahin Nursaidova shunday deydi.

“O‘zbekistonda birinchidan kutubxona kam, ikkinchidan borlari ham qayerda joylashganini kitobxonlar, hatto o‘qimishli insonlar ham bilmaydi. O‘ylab qolaman, bizning muammomiz kutubxona kamligimi yoki odamlar ularning qayerda joylashganini bilmasligimi?

Yoshligimizda ayni ta'til paytlari asosiy vaqtimiz kutubxonada o‘tardi. Har bir mahallaning o‘z kutubxonasi bo‘lardi. Kutubxonaga a'zo bo‘lish tekin edi. Kitobni tanlash, ko‘rish, o‘qish uchun alohida va muhokama uchun xonalar bor edi. Hozirgi zamonga olib qaraydigan bo‘lsak, bor kutubxonani ham yopishdi. Kitoblarni shaxsan o‘zim so‘raganimda makulaturaga berib yuborishganini aytishdi.

Yangi kutubxona ochish, rivojlantirish o‘rniga, borini ham yopib ichidagi kitoblar qayerga ketganini hech kim bilmaydigan ahvolga solib, o‘rniga boshqa narsalar qurishdi. O‘qituvchimning uyida kitoblar ko‘payib ketgandi, qiziqib so‘raganimda “kutubxona yopilishidan oldin kitoblarni boylab-boylab yerga otib yuborishganda olib ketganman”, — degandilar.

Jamiyat fojiasi kitob o‘qish kamayishidan boshlanadi, bu – savodsizlik, dunyoqarashning pasayishiga olib keladi. Albatta, bu borib-borib degradatsiyaga, hozirgi darajamizdan pastga qulashga olib keladi”.

“Ba'zi kunlari kutubxonaga keluvchilarga joy topib bera olmaymiz”

Zamonaviy texnologiyalar rivojlangani sabab, odamlarning kutubxonaga borish odati kamaygan, degan taxmin ham bor. O‘zbekiston milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Nasiba Xoldorova bu fikrni rad etadi.

“Yoshlar kitob o‘qimayapti degan gaplar ko‘payib ketgan. Balki haqiqatan ham o‘qimaydigan yoshlarimiz ko‘pdir, lekin men milliy kutubxona misolida aytishim mumkinki, yoshlar kitob o‘qiyapti. Hatto shanba-yakshanba kunlari biz joy topib bera olmay qolamiz. Shunday holatlar bo‘ladiki, kitob javonlari oralarida, zinalarda o‘tirib mutolaa qilayotgan yoshlarni kuzatishingiz mumkin.

Milliy kutubxonadan foydalanuvchilar soni bugungi kunda 275 mingdan ortiq. 2021 yilning oktyabr holatiga ko‘ra, 9 oy davomida 22 mingdan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich ancha pasaydi, buning sababi pandemiyaga borib taqaladi”.

“2006 yildan keyin shahar va tuman kutubxonalari boy berildi”

Mavzu yuzasidan sohaga bevosita mas'ul organ – Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga ham murojaat qildik. Agentlikning axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Qobiljon Tursunov shunday deydi:

“2000 yilga qaytadigan bo‘lsak, o‘sha paytdagi kutubxonalarning haqiqiy soni statistik ma'lumotga to‘g‘ri kelishi mumkin, bunga e'tiroz bildira olmaymiz. O‘sha paytda respublikadagi barcha kutubxonalar Madaniyat vazirligi tasarrufida bo‘lgan va 2006 yilgacha bo‘lgan muddatda moliyaviy nuqtayi nazardan ularning soni optimallashtirilgan.

2006 yilda prezidentimizning 381-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu qaror asosida Madaniyat vazirligi tasarrufidagi kutubxonalar boshqa vazirliklar, ya'ni Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda AKT vazirliklari va Kasb-hunar ta'lim markazi tasarrufiga o‘tkazilgan.

Markazlashgan kutubxonalar vazirliklar tasarrufiga axborot-resurs markazlari sifatida o‘tkazilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi kutubxonasi, universal kutubxonalar, Toshkent shahridagi "Bilim" kutubxonalari AKT vazirligiga axborot-kutubxona markazi sifatida o‘tkazildi. Kutubxonalar tasarrufi o‘zgartirilgach, viloyatlardagi tuman va shahar markaziy kutubxonalari va ularning filiallari universitet va institut kutubxonalari bilan birlashtirilib, axborot-resurs markazlariga aylantirildi.

Bu kutubxonalarni ushlab turish, ularning faoliyatini to‘laqonli tashkil etish imkoniyati cheklangani uchun tuman va shahardagi kutubxonalar yangi qurilgan kasb-hunar kollejlariga ko‘chirildi. Buning natijasida ko‘plab kutubxonalar birlashtirib yuborildi.

Bu yo‘nalishning birdek rivojlanishi uchun imkoniyat kam bo‘ldi. Aholining ARMlardan foydalanish, internet tezligining pastligi nuqtayi nazaridan axborot olish cheklangan edi.

Sohani rivojlantirishga qaratilgan yana bir hujjat – 2019 yilda prezidentning 4354-sonli qarori qabul qilinishi bo‘ldi. Qarorda aholiga kutubxona xizmatini ko‘rsatish masalasiga e'tibor berildi. O‘sha 2006 yilda yo‘qotgan tuman kutubxonalarimizni tiklash masalasi qo‘yildi. 186ta tuman va shaharda kutubxonalar tashkil etish ko‘zda tutilgandi, bugungi kunda shular tashkil qilindi”.

Xulosa o‘rnida fikr bildirishga shoshilmaymiz. Bu maqola orqali kutubxonalar sonining kamayib borishiga, ya'ni faqat muammoga e'tibor qaratdik. Muammo aytilgan joyda uning yechimini ham izlash zarur. Maqolaning keyingi qismlarida yechim haqida gaplashamiz.

Madina Ochilova tayyorladi.
Tasvirchi– Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: