Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida Nexia va Damas o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda har ikkala mashinaning haydovchisi va yana bir yo‘lovchi vafot etgan. Bu haqda IIV YXBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 17 oktabr kuni soat 15:40 larda M-39 Almati – Toshkent – Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Qamashi tumani, Yortepa qishlog‘i xududidan o‘tuvchi 1223-kilometrida odam o‘limiga olib kelgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
1977 yilda tug‘ilgan haydovchi O.E. Nexia mashinasini boshqarib ketayotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va 1980 yilda tug‘ilgan haydovchi Sh.T. boshqaruvida bo‘lgan Damas mashinasiga urilgan.
Oqibatda ikkala mashina haydovchisi va Damas mashinasi yo‘lovchisi D.E. og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. Bundan tashqari, Damas mashinasining yana bir yo‘lovchisi tan jarohat olib shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Qamashi tuman IIO FMB xuzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 14 oktabr kuni Qarshi tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Kaptiva va Nexia-3 haydovchilari vafot etgandi. Bundan tashqari, 20 oktabr kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikkita Nexia mashinaci to‘qnashgan va haydovchilardan biri vafot etgandi.