Shaharning Furqat ko‘chasi yoqasida joylashgan, bir qaraganda tashlandiq ko‘rinadigan bu joydan Toshloq mahallasidagi yoshlar ancha yillardan buyon mahalla o‘yingohi sifatida foydalanib kelishayotgandi. Yer maydoni shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan. Mahalliy aholi, shunchaki, u yerni obod qilib o‘z farzandlari koptok tepishlari uchun sharoit hozirlab, shu paytgacha foydalanib kelgan.
Biroq Jizzax shahrining (o‘sha vaqtdagi) hokimi A.Shukurovning 2020 yil 28 avgustda imzolagan 883-sonli qarori bilan mazkur hududdan fuqaro Ravshanov Otabek Tohirjon o‘g‘liga «Yoshlar mehnat guzari» kompleksi qurish uchun 432 kv.m yer ajratib berilgan.
O.Ravshanov ajratilgan yer maydonida 12×36 m o‘lchamdagi uch qavatli bino, uning yonidan 16×32 metr o‘lchamdagi sun'iy qoplamali futbol maydonchasi qurishni rejalashtirgan.
Mahalla ahli esa ushbu hudud kelajakda barpo etilishi ko‘zda tutilgan G-40 yo‘lining qizil hududiga tushishi sababli, bu yerda qurilish qilish mumkin emasligini ta'kidlamoqda.
Jizzax shahri prokurorining 2021 yil 14 iyundagi 10.2/06-21 sonli protestida Jizzax shahri hokimining 883-sonli qarorini bekor qilish so‘ralgan.
Qarorni bekor qilishga asos sifatida O.Ravshanovning arizasi tegishli ravishda shahar hokimligida ro‘yxatga olinmagani, imzolanmagani, yer tanlash dalolatnomasi komissiya raisi hamda a'zolari tomonidan muhr va imzo bilan tasdiqlanmagani keltirilgan.
Shuningdek, davlat ekologik ekspertiza xulosasi rasmiylashtirilmagan, yer maydoni shaharning bosh rejasiga zid ravishda joylashtirilgan, ilovadagi topoxaritada G-40 gabaritli ko‘chaning qizil chizig‘i noto‘g‘ri belgilangan, yer maydoni shaharning bosh rejasiga asosan ko‘chaning qizil chizig‘i ichida joylashgani aniqlangani aytiladi.
Jizzax shahar hokimligi tomonidan prokuratura protesti qanoatlantiriladi va 2021 yil 7 iyul kuni 6-355-Q/21-sonli qaror bilan sobiq hokimning 2020 yil 28 avgustdagi qarori bekor qilinadi.
Bu orada O.Ravshanov hokimning qarorini qo‘lga kiritishi hamono stadionni buzib, kotlovan qazishga ulgurgan edi. Qaror bekor bo‘lgach, mahalla ahli kotlovanni ko‘mdirib, stadionni tiklashga kirishadi. Ayni paytda uning ahvoli mana shu ko‘rinishda qolmoqda.
Qizig‘i, mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro D.Ahmedov xuddi shu joyda yoshlarga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun yer maydoni ajratishda yordam so‘rab, shahar hokimligiga ikki marta murojaat qilib ko‘rgan va rad javobi olgan.
2021 yil 13 yanvarda shaharning avvalgi hokimi A.Shukurov ham, 2021 yil 10 martda shaharning amaldagi hokimi K.Xolmurodov ham D.Ahmedovga javob xatida yer maydoni Jizzax shahrining bosh rejasida loyihadagi G-40 ko‘cha hududiga tushganligi sababli bu yer maydonini ajratishning iloji yo‘qligini bildirgan.
Oradan ko‘p o‘tmay fuqaro O.Ravshanov shahar hokimligining prokuratura protestini qanoatlantirib chiqargan 2021 yil 7 iyuldagi 6-355-Q/21-sonli qarorini sud orqali bekor qildirishga muvaffaq bo‘ladi. Ayni paytda «Yoshlar mehnat guzari» qurish maqsadida boshlab qo‘ygan ishlarini davom ettirishga hozirlik ko‘rmoqda.
Toshloq mahallasi fuqarolari kelajakda barpo etilishi mo‘ljallangan G-40 yo‘lining qizil chizig‘iga, shu hududdan oqib o‘tuvchi kanalning muhofaza zonasiga tushayotgan bu loyihadan qattiq norozi.
Jizzaxdagi mutasaddi tashkilotlar, ushbu holatni sinchiklab o‘rganib, aholining e'tirozi haqli yoki noo‘rin ekanligiga oydinlik kiritishini so‘raymiz. Agar qurilajak bino chindan ham kelajakda bunyod etilishi ko‘zda tutilgan G-40 ko‘chasi ustiga tushadigan bo‘lsa, hali quruvchi behudaga mablag‘ sarflamasdan turib, bu ishni to‘xtatish va yoshlar guzari uchun boshqa yer tanlanishi kerak.
Darvoqe, shahar hokimlari tomonidan fuqaro D.Ahmedovga juz'iy sabab ro‘kach qilinib, berilmagan yer maydonining fuqaro O.Ravshanovga berib yuborilishi alohida bir mavzu. Bu masalani Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va prokuratura o‘rganib ko‘rishi mumkin.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.