UzbekLife o‘z mushtariylariga xorijdagi vatandoshlar hayoti haqida ma'lumotlar beruvchi suhbatlarni davom ettiradi. Bugungi mehmon 10 yildan beri Amerikada yashab kelayotgan Sobira Xolboyeva. U 18 yoshida o‘qish uchun xorijga ketgan. Uning ortidan ketgan opasi ham ayni paytda AQShning Ohayo shtatida istiqomat qiladi.
Xorijga ketish: “Qizmi-o‘g‘ilmi, ikkalasiga ham teng imkon berilishi kerak”
Men 10 yil avval talaba bo‘lib Amerikaga ketganman va o‘shandan beri shu davlatda yashayman. U yerda kollejni bitirdim, undan keyin biznes-hisobchilik sohasida bakalavr diplomini oldim. Hozir ovqat industriyasida yetakchi bo‘lgan Amerikan food&vending’da menejyer bo‘lib ishlayman. Qo‘l ostimda 6 nafar ishchi-xodim bor. Biz katta-katta tadbirlarni tashkil qilish, ularga taomlar, turli yengil turdagi yeguliklar, kofe-breyk yetkazib berish xizmatini ko‘rsatamiz. Mashhur Erissson kompaniyasi ham mening mijozlarim hisoblanadi.
Opam ham AQShning Ohayo shtatida istiqomat qiladi. U qandolatchilik sohasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Turli shirinliklar, to‘y va marosimlar uchun tortlar pishirish va sotish bilan shug‘ullanadi. Hozirda uning hatto boshqa davlatlardan ham mijozlari bor.
Ketishimga ota-onam qarshi bo‘lishgan, ayniqsa, dadam. Avvaldan til o‘rganishga juda qiziqardim va ingliz tilini o‘rgandim. Yevropa mamlakatlaridan biriga ketishni orzu qilardim. Xolam grin-karta yutib Amerikaga ketgani sababli ota-onam u yerga borishim mumkinligini shunchaki aytishgan va bu men uchun mustahkam qarorga aylandi. 16 yoshimda shu qarorga kelgan bo‘lsam, 2 yil mobaynida ketishimga ruxsat berishi uchun otam bilan kurashishga to‘g‘ri kelgan. Keta olmasligim uchun otam hatto repititorlarimga pul ham to‘lashni istamasdi, lekin onam meni qo‘llab-quvvatlardi va hamma to‘lovlarni o‘zi amalga oshirardi. Otam mendagi bu qiziqishni o‘tkinchi havas, vaqti-soati bilan o‘zgaradi deb o‘ylar edi.
Ularga rozi bo‘lmasliklari uchun imkon qoldirmaslikka harakat qilardim. Chunki inson hayotga bir marta keladi, qizmi-o‘g‘ilmi, hammaga imkon berilishi kerak. Lekin bizning o‘zbek qizlarimiz o‘qish uchun boshqa davlatga ketishi har xil qarashlarga sabab bo‘ladi. Ertaga sovchi kelish-kelmasligi masalalari ham to‘sqinlik qiladi bunga. Dadamga turmushga chiqishni xohlamasligimni, undan avval hayotda nimagadir erishmoqchi ekanimni tushuntirdim. Dadam meni tushundi. Ammo buni uddalashimni isbotlashim kerak edi. TOEFL sertifikatini olish uchun o‘qiganimda guruhda yagona qiz edim va ustozimiz ham mening harakatlarimdan hayratlanardi. Buni uddalashimga shubha bilan qarashlar esa menga yanayam motivatsiya berardi, yanada jiddiyroq kirishardim.
18 yoshimda Amerika sari yo‘l oldim, do‘stlarim bilan birga besh kishi edik: to‘rt yigit va men. AQShning Mizuri shtatidagi universitetga hujjat topshirganmiz.
Amerikada o‘tgan talabalik davri. Ijara muammolari
Amerikaga borish uchun, avvalo, xohish va intilish bo‘lishi kerak. Bular insonni harakat qilishga undaydi va harakat natijaga olib keladi. Qaysidir xorijiy davlatga borish uchun u yerni yaxshi bilish, u yerning madaniyatini o‘rganish, o‘sha hududdan do‘stlar orttirish kerak. Moddiy va ma'naviy qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy hol. Yashash uchun ketadigan xarajatlar haqida ma'lumot to‘plash, ijara olish tartibini bilish kerak.
Bu masalalarda menga o‘sha yerda yashaydigan turli millatga mansub do‘stlarim yordam berishgan. Albatta, do‘st topish uchun inson o‘zi ham boshqalarga do‘stona nazarda qarashi, samimiy va ochiq bo‘lishi talab qilinadi. O‘zim ketishimda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganim uchun boshqalarga ham yordam bergim kelardi va nafaqat o‘zbek, balki butun dunyodan Amerikaga borib o‘qishni istaydigan yoshlar uchun xalqaro talabalar ofisi bilan gaplashib, “Elchilar” degan guruh ochganman. Biz dunyoning 12 ta davlatidan kelgan talabalarga elchi sifatida faoliyat yuritishni yo‘lga qo‘yib 3 oy yozgi ta'tilda Amerikada tahsil olish istagidagi yoshlarga kelish uchun viza olish, hujjatlar tayyorlash, uy topib joylashishida ko‘rsatmalar berganmiz. Bizning bu tashabbusimiz universitet tomonidan moliyalashtirilgan. Talabalikdagi moddiy tanglikda o‘zimni ta'minlash uchun bu ishlar foyda bergan.
O‘z kelajagimni doim yuqori pog‘onada ko‘raman. Shuning uchun kelajakni o‘ylab Texas shtatiga ko‘chdim. U yerda Collin College’ga hujjat topshirib yana ta'lim olishni davom ettirdim. Ovqat industriyasidagi faoliyatimni ham shunda boshladim – oddiy yordamchi bo‘lib. O‘qishni tugatgach menga hisobchi bo‘lib ishlash uchun taklif tushdi. To‘lanadigan haq yaxshigina edi, bir yil ishladim.
Amerikada talabalarga ishlash cheklangan. Haftasiga 20 soatdan ortiq ishlash mumkin emas va faqat o‘sha universitet yoki kollejning o‘zida ishlash mumkin.
Uy olish qiyin, ko‘pincha kreditga olinadi. Bunda xaridorning ish faoliyati, maoshi, soliqlarni to‘lash qobiliyati hisobga olinadi va dastlab oladigan uyning 3 foizi to‘lanadi.
Ijara ham joyiga, sharoitiga qarab narxlari ham har xil. Masalan, Texasda 550 dollarga ijarada turgan bo‘lsak, Missurida 250 dollarga yashar edik.
Talabalarga ijaraga uy berishda o‘ziga yarasha talablari bor. Buning uchun bankka qo‘yilgan mablag‘lar va oylik maoshingiz ko‘rsatilishi shart va maosh o‘sha ijara to‘lovidan 3 barobar ko‘p bo‘lishi kerak. Talabada esa bunday imkoniyatlar bo‘lmagani uchun boshqa bir insonni kafil qilishga to‘g‘ri keladi. Menga ham opamning turmush o‘rtog‘i kafil bo‘lgan.
Migrantlar va mahalliy ishchilar uchun qarashlar bir xil: asosiysi halol xodim bo‘lishi
Amerikada hujjatlaringiz va bilimingiz bo‘lsa ishlash uchun muammo yo‘q. Migrantlarga ham, mahalliy ishchilarga ham birday muomala qilinadi. Har bir ishga kirishdan oldin suhbat (intervyu) qilinadi va insonning xarakter xususiyatlarini ochib beruvchi savollar beriladi. Masalan, turli vaziyatlarda o‘zini tutish, korrupsion holatlar bo‘yicha.
U yerda o‘rtacha ish haqi yiliga 32-35 ming dollarni tashkil qiladi. Lekin shu maosh bilan bemalol yaxshi yashash, yoqqan narsani xarid qilish, oilaviy restoranga borish kabi xarajatlarga ham yetadi.
Davlat oilaning ehtiyojiga va daromadiga qarab yordam beradi. Kam daromadli oilalar uchun tibbiy sug‘urta va tibbiy xizmatlar bepul taqdim etiladi. Bunda oylik maoshi va oiladagi odamlar soni inobatga olinadi. Agar oila a'zolari ko‘p va maosh kam bo‘lsa, yil yakunida hisob-kitob qilinadi va to‘lanadigan soliqdan qaytarib beriladi.
Amerikada kam pul topayotgan odamlarga davlat yordam beradi. Ko‘p pul topayotganlardan esa soliqlar ko‘proq olinadi, ya'ni qancha ko‘p pul topsangiz shuncha ko‘p soliq to‘laysiz. Hozir turmush o‘rtog‘im ikkalamiz ham yaxshi maosh olamiz va soliqlarni ham shunga yarasha ko‘p to‘laymiz.
Amerikada hamma narsa kreditga qilinadi: boymi, o‘rtaholmi hamma kredit tizimidan foydalanadi. Shuning uchun ham kredit hisob elektron tizimi yuritiladi va amerikaliklar uchun bu dastur juda muhim hisoblanadi.
Hozir 28 yoshdaman. Turmushga chiqdim, endi biroz muddat oilam uchun vaqt ajratib farzandli bo‘lishni, tarbiya qilishni rejalashtiryapman. Keyin esa oldimga qo‘ygan maqsadim – sohamni o‘zgartirish. Loyihalash bilan shug‘ullanmoqchiman. Loyiha menejyeri bo‘lish uchun alohida sertifikat va ish tajribasi kerak. Hozircha menejyerlikda tajribam bor. Farzand tarbiya qilish mobaynida o‘qib sertifikatni olish niyatim bor. Shunda kattaroq loyihalar ustida ishlashim va ko‘proq maosh olishim mumkin. Bundan tashqari, turmush o‘rtog‘im mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanadi, kelgusida tadbirkorligini yanada rivojlantirishga yordam berib, mehmonxonalar sonini ko‘paytirmoqchiman.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi
Tasvirchi – Muhiddin Qurbonov