Qamchiq dovonida ikki yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida haydovchilardan biri halok bo‘ldi

Jamiyat 19:31 / 22.10.2021 12167

Namangan viloyati hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi.

Viloyat IIB axborot xizmati xabar berishicha, 15 oktabr kuni soat 00:30 larda Toshkent—O‘sh yo‘lining 246 kilometrida, Pop tumani «Qo‘shminor» MFY hududida Andijon viloyatida yashagan 29 yoshli fuqaro Isuzu rusumli yuk mashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta'minlay olmay qolgan. Oqibatda u shu yo‘nalishda, o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan 32 yoshli farg‘onalik haydovchi boshqaruvidagi Kia-Bongo’ning orqa qismiga kelib urilgan. To‘qnashuv natijasida Isuzu yo‘lning o‘rtasidagi temir to‘siqqa urilgan va ag‘darilib ketgan.

Sodir bo‘lgan avariya oqibatida Isuzu rusumli yuk avtomashina haydovchisi olgan tan jarohati oqibatida shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan. Kia-Bongo rusumli avtomashina haydovchisi bosh miya lat yeyishi, boshining tepa qismi yirtilishi tashxisi bilan tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Holat bo‘yicha Pop tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: