Tanqiddan so‘ng: koronavirusdan vafot etgan izboskanlik shifokor oilasiga prezident qarorida aytilgan pul to‘lab beriladigan bo‘ldi

Jamiyat 19:22 / 21.10.2021 7407

Shifokor koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolash vaqtida o‘zi ham shu kasallikka chalinib, vafot etganiga 1 yildan oshdi. Boquvchisiz qolgan olti jonning prezident qarorida va'da qilingan to‘lovni so‘rab ariza yozmagan tashkiloti, bormagan idorasi qolmagandi. Bu masala Kun.uz’da yoritilganidan sanoqli kunlar o‘tgach, ijobiy hal bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev 2021 yil 21 oktyabr kuni imzolagan “Bir yo‘la beriladigan qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirish haqida”gi 253-sonli buyruqda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashda infeksiya yuqtirib vafot etgan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali reanimatologi Abdunazar Abdug‘afforov oilasiga 250 million so‘m miqdoridagi bir yo‘la beriladigan bir martalik to‘lov to‘lab berish nazarda tutilgan.

Bunga qadar oilaning prezident qarorida ko‘zda tutilgan to‘lovni so‘rab yozgan barcha arizalari rad etib kelingan. Marhumning turmush o‘rtog‘ining qo‘lida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova imzolagan rad javobi ham mavjud. 

Ayni vaqtda marhumning yaqinlari to‘lovni undirishni so‘rab kiritgan da'vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilmoqda. Navbatdagi sud majlisi 22 oktyabrga belgilangan (da'vogar Andijon viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi). Shuningdek, sudda marhumning ishlab chiqarishda vafot etgani munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir martalik nafaqa (tovon puli) 476 million so‘m to‘lanishi, bundan tashqari, marhum 2020 oktyabrda vafot etganidan so‘ng shu kunga qadar uning oilasiga boquvchisini yo‘qotganligi uchun oyma-oy hisoblangan 50 million so‘m zarar pullarini undirish masalasi ham ko‘rilmoqda.

Sud natijasi haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: