Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirda yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botirjon Ergashev ham chiqish qildi va o‘zbek tiliga bo‘layotgan turli xurujlar borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Falokatlarning eng yomoni biror millatning tiliga qilingan tajovuzdir. Keyingi paytlarda, bilmayman, qaysi gunohi uchun, o‘zbek tiliga tajovuzlar haddan tashqari ko‘p bo‘lyapti. Eng yomoni shunday toifalar ichida yetti pushti o‘zbek bo‘lganlar ham bor. Qanday qilib farzand o‘z ota-onasiga xiyonat qilishi, unga nisbatan kurakda turmaydigan gaplarni gapirishi mumkin?
To‘g‘ri, bizda mana shunday xurujlarga nisbatan javoblar ham bo‘lyapti, lekin juda kam.
Biz «jonajon tilim, onajon tilim», deya jimjimador gaplarni juda ko‘p gapiramiz. Lekin uning himoyasiga kelganda sichqonni ini ming tanga bo‘lib qolyapti.
Biz o‘zbek tili himoyasidagi lashkarlar sonini ko‘paytirishimiz kerak. Biz bu bilan birovga qarshi urush ochmoqchi emasmiz, namoyishlar ham qilmoqchi emasmiz. O‘z tilimizni himoya qilmoqchimiz. Bunga to‘sqinlik qilgan kishi bizga do‘st emas. Dushmanga nisbatan esa yaxshi muomala qilinmaydi.
Yuz yillar avval Abdulla Qodiriy tilimizni himoya qilaman, millatni ko‘taraman deya o‘lib ketdi. Biz hozir ular xohlagan davrlarda yashayapmiz. Ularga munosib ham bo‘lishimiz kerak-ku.
Til – e'tiqod masalasi. Biz shaxsiyatimizga qarshi gapirilsa, balki kechirarmiz, murosa qilarmiz, lekin e'tiqod borasida murosa qilinmaydi. Chunki e'tiqodga tegish juda og‘ir gunoh.
Unutmaylik, biz keyingi avlodlar oldida ham mas'ulmiz, ularga tilimizni benuqson yetkazib berishimiz kerak», – dedi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir Botirjon Ergashev.