Toshkentda tez yordam xizmatiga bir kunda bolalar bo‘yicha o‘rtacha 1,5 mingga yaqin chaqiriq kelib tushmoqda

Jamiyat 16:19 / 19.10.2021 5379

Oktabr oyining 10 kuni ichida Toshkent shahar tez yordam xizmatiga bemor bolalar bo‘yicha jami 13 820 ta chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘riboyevga tayanib, SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Doniyor Bo‘riboyev odatda kuz-qish oylari gripp va o‘tkir respirator infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr hisoblanishi, ayniqsa, bu paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan ancha ortishini ta'kidlagan.

«Qolaversa, joriy yil mamlakatda kuz faslining ilk oyi biroz salqin kelishi bu holatni yanada tezlashtirib, bolalarning gripp va o‘tkir respirator kasalliklar (O‘RK) bilan og‘rishi ko‘p kuzatilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan 103 ga bo‘layotgan chaqiriqlar soni ortishiga ham sabab bo‘lmoqda», deydi u.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 7–17 oktabr kunlari shahar tez yordam xizmatiga bemor bolalar bo‘yicha jami chaqiriqlar soni 13 820 tani tashkil etgan. Shundan tana harorati ko‘tarilgan, O‘RVI va pnevmoniya holatlari kuzatilgan 10 474 nafar bolaga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilib, zotiljamga chalingan 41 nafar bola gospitalizatsiya qilingan.

«Aytish lozimki, oktabr oyining o‘tgan davri mobaynida bemor bolalar bo‘yicha shahar 103 xizmati Call-markaziga bo‘layotgan kunlik murojaatlar soni o‘rtacha 1300–1500 tani tashkil qilayotgan bo‘lsa, eng ko‘p chaqiriq 8 oktabr sanasiga to‘g‘ri kelib, shu kuni 2025 ta murojaat qabul qilindi», deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori.

Ko‘proq yangiliklar: