Qarshi shahridan 28 million so‘mlik quvurlarni o‘g‘irlagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Qarshi shahar «Aralovul» MFYda yashovchi X.Z. 102 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat qilgan. U o‘z murojaatida 2021 yil 6 oktyabr kuni soat 11:45 larda shu mahallada joylashgan «Zamin» choyxonasidan bozor bahosi 28 million so‘mlik, diametri 76 va 50 santimetr bo‘lgan jami uzunligi 700 metr quvurlarni noma'lum shaxslar o‘g‘irlab ketganini bildirgan.
Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida mazkur o‘g‘irlikni Qarshi shahar «Darvozatutak» MFYda yashovchi E.A va Koson tumani «Darcha» MFYda yashovchi B.G‘. sodir etgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, Qarshi shahar IIO FMB 3-sonli IIB tergov bo‘limi tomonidan E.A va B.G‘.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.