Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini ingliz tiliga tarjima qilgan amerikalik madaniyatshunos Mark Eduard Riz Twitter sahifasida O‘zbekistondagi amaldorlardan biri prezident tomonidan besh oy oldin va'da qilingan gonorardan kechib yuborishni so‘ragani haqida yozdi.
«5 oy oldin meni yaxshigina gonorar bilan mukofotlab, «O‘tkan kunlar»ning ingliz tilidagi tarjimasidan ming nusxa sotib olinib, elchixonalarga tarqatilishini va'da bergandingiz», deb murojaat qildi Mark Eduard Riz O‘zbekiston prezidentiga.
Tarjimonning qayd etishicha, u may oyida Toshkentdan ketishidan bir kun oldin hukumatda ishlaydigan kishilardan biri Abdulla Qodiriyning nevarasi, tarjimonning do‘sti hisoblangan Xondamir Qodiriyga telefon qilib, «Men 7 daqiqadan keyin prezident bilan uchrashaman. U Markka tashrifi paytida qancha gonorar berganimizni bilmoqchi. Biz unga pul bermadik. Mark buni kechirib, unutib yubora oladimi?», degan.
«Men esa o‘sha hukumat xodimiga «Siz mendan prezident Mirziyoyevni aldashimni so‘rayapsizmi? Borib choyingizni iching», dedim. Mening bunday munosabatimdan so‘ng o‘sha xodim do‘stimga tahdid qilgan.
Bunday kutilmagan holatdan hayratda qoldim. Voqeadan bir kun oldin janob Sultonov (prezident maslahatchisi – Xayriddin Sultonov) bilan ko‘rishgan va uni professional sifatida ko‘rgandim. U ham tarjimalar qilgan va o‘ylaymanki, hozirgi o‘rniga munosib. Biroq xulosam shuki, top liderlarning harakatlari o‘rtadagi korrupsioner odamlar sabab havoga uchyapti», deb yozadi Mark Eduard Riz.
Tarjimon o‘ziga Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot universitetidan ish taklif qilingani, lekin uni rad etgani haqida ham yozgan.
Uning aytishicha, ushbu taklif bildirilgan onlayn uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan do‘stiga tahdid qilgan va unga gonorarni «unutish va kechirish»ni taklif qilgan xodim ham ishtirok etgan.
«Men o‘g‘lim bilan Toshkentga ko‘chib borish va meni sizni aldashga undagan, do‘stimni qo‘rqitgan o‘sha odamga xavfsizligimni topshirishni xohlamayman.
Bilasiz, oxirgi 3 yilda ko‘plab intervyularda qatnashdim. Navoiy institutida biror narsa evaziga emas, tekinga onlayn darslar o‘tdim. Safarlarimni o‘zimning shaxsiy mablag‘larim hisobidan qoplaganman.
Ishonchsizligim sezilarli oshgan. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston xalqi, sizning qo‘llab-quvvatlashingiz meni ushlab turibdi. O‘zbekistonda vijdonsiz odamlardan ko‘ra vijdonli odamlar ko‘proq. Biroq bir-ikki odam sizning O‘zbekistonni va sizning islohotlaringizni orqaga tortishi mumkin», deb yozadi Mark Eduard Riz.
Tarjimon bu akkauntni (@uzbekmodernist akkaunti) o‘zbek adabiyoti va madaniyatini targ‘ib qilish uchun ochgani va ushbu kanaldan ayrim hukumat vakillarining nojo‘ya harakatlariga e'tibor qaratish uchun foydalanish unga yoqimsiz ekanligini ta'kidlagan.
Kun.uz holat bo‘yicha izoh olish uchun Yozuvchilar uyushmasi va Vazirlar mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan bog‘landi.
Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botirjon Ergashev bu mavzu bilan uyushma shug‘ullanmasligini, tashkilotning mavzuga aloqasi yo‘qligini bildirdi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev hozir pul to‘lab berish masalasi ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.
«Biz boshida kitob tarjima qilish bo‘yicha buyurtma bermagandik. Mark Eduard Riz tayyor variantni olib kelganda unga 10 ming AQSh dollari miqdorida qalam haqi beramiz, mingta kitob sotib olamiz, Til va adabiyoti institutiga ishga keling, 2 ming AQSh dollarlik oylik maosh va tekin turar joy qilib beramiz», deb taklif qildik. U ish taklifimizni qabul qilmadi. Hozir gonorar to‘lash bo‘yicha maslahatlashilyapti», dedi u.