«O‘tkan kunlar» romani ilk bor arab tilida nashr etildi

O‘zbekiston 07:55 / 24.04.2024 6142

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida "O‘tkan kunlar" romanining arab tilidagi nashri taqdim qilindi.

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida buyuk o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" romanining ilk arab tilidagi "O‘tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi" deb nomlangan nashrining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Mashhur asar taniqli tarjimon Ayn-Shams va Luksor universitetlari professori Muhammad al-Jibali tomonidan arab tiliga o‘girilgan. Kitob taqdimoti Abdulla Qodiriyning 130 yilligini nishonlash doirasida yozuvchi nabirasi Xondamir Qodiriy, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi a’zolari, mamlakat OAV vakillari, yozuvchi va nufuzli jurnalistlar ishtirokida o‘tkazildi. 

Tadbirni O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev ochib berdi. Elchi o‘z nutqida o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalari, ularning betakror asarlari haqida so‘z yuritar ekan, Abdulla Qodiriy 20 asr o‘zbek adabiyotida yorqin iz qoldirganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, sobiq ittifoq davrida o‘zbek adiblarining ko‘plab asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. Lekin "O‘tkan kunlar" romani rus tilidan boshqa biror tilga tarjima qilinmagan. Hatto asarning rus tilidagi tarjimasi ham senzuraga uchrab, qator o‘zgartirishlarga yuz tutdi.

Shu bois, elchixona ko‘magida oradan 100 yil o‘tib ushbu roman arab dunyosi o‘quvchilariga ilk marotaba "O‘tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi" nomi ostida taqdim etildi.

"O‘tkan kunlar" romanining arab tiliga tarjima qilinishi o‘zbek madaniyati, mintaqa tarixi, o‘zbekona odob-axloq kabi fazilatlarni Yaqin Sharq xalqlari orasida keng targ‘ib etishda xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tarjimada asarning eski o‘zbek yozuvidagi ilk nusxasidan hamda rus va ingliz tillaridagi tarjimalaridan foydalanildi.

Chop etilgan kitob muqovasida Abdulla Qodiriy avlodlari tavsiyasiga ko‘ra, "O‘tkan kunlar" romanining 1925 yildagi ilk nashrining suratidan foydalanildi. Kitob qattiq muqovada va sarg‘ish rangli silliq qog‘ozda chop etildi. Mintaqadagi eng yirik "Dor ul-Maorif" nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan kitobni Misrdagi barcha yirik kutubxonalar va universitetlar, ta’lim va madaniyat muassasalari, davlat idoralari, Qohiradagi diplomatik korpus o‘rtasida tarqatish rejalashtirilgan. Boshqa arab davlatlarida ham mazkur roman tarjimasini qayta chop etish nazarda tutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: