Jahongir Otajonov Turkiyaga uchib keta olmadi. MIB u uch nafar sobiq rafiqasiga aliment to‘lamaganini aytmoqda

Jamiyat 13:03 / 19.10.2021 25215

17 oktabr kuni YouTube platformasiga joylashtirilgan videomurojaatda qo‘shiqchi o‘g‘lining operatsiyasi uchun Istanbulga yo‘l olgani, biroq taqiq sababli O‘zbekistonni tark eta olmagani haqida aytadi.

“Bugun soat sakkiz yarimda Urganch aeroportidan Istanbulga uchib ketishim kerak edi. Sababi – o‘g‘lim futbol o‘ynaydi, yelkasi sinib qoldi. Operatsiya qilinayotgan paytda oldida turay degandim.

Afsuski, chegara nazoratidagilar meni o‘tkazishmadi. Pasportimni berganimda besh daqiqacha tekshirishdi-da, chetga o‘tib kutib turishimni so‘rashdi. O‘n-o‘n besh daqiqadan keyin R.O‘rinboyev ismli xodim kelib, “Sizni [mamlakatdan] chiqara olmas ekanmiz, MIBdan taqiq qo‘yilgan ekan”, deb aytdi.

Mening MIB bilan umuman muammom bo‘lishi mumkin emas. Sababi men mana shunday muammo kelib chiqmasligi uchun har oy MIBdagi inspektorga aliment to‘lovlarim haqida Telegram orqali hisobot topshiraman. Aslida bu ma'lumotlar ularga boradi, shunga qaramay ertaga qandaydir muammo kelib chiqsa, asos sifatida ko‘rsatishim uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘laganim haqida kvitansiyalarni yuborib qo‘yardim”, deydi Jahongir Otajonov o‘z videomurojaatida.

Qo‘shiqchining ijtimoiy tarmoqdagi chiqishi yuzasidan MIB 19 oktabr kuni munosabat bildirdi. Rasmiy bayonotda "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi qonunning 42-1-moddasiga asosan Jahongir Otajonovning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqi vaqtincha cheklangani haqida so‘z boradi.

“Aniqlanishicha, Byuro organlari tomonidan fuqaro J.Otajonovga nisbatan sudlarning tegishli qarorlariga asosan fuqarolar S.F., M.S. va Ye.I. foydasiga 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undirishga oid 3ta ijro ishlari yuritilgan.

Xususan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining ijro hujjatlariga asosan qarzdor J.Otajonovdan undiruvchilar M.S. va Ye.I. foydasiga aliment undirish belgilanib, Byuroning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan va uning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqi "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunning 42-1-moddasiga asosan vaqtincha cheklangan.

Fuqaro S.F. foydasiga aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati esa, uning arizasiga asosan ijrosiz qaytarilgan va ijro ishi tamomlangan”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahongir Otajonovning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishi ichki ishlar organi xodimlarini haqoratlash deb topilib, u sud tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan aybli topilgan, biroq u MJtKning 21-moddasiga ko‘ra javobgarlikdan ozod etilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: