Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh qizlarning maktabda o‘zaro janjallashgani tasvirlangan video tarqaldi. Holat bo‘yicha viloyat IIB axborot xizmati munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, hodisa Chiroqchi tumanidagi maktablardan birida sodir bo‘lgan.
Munosabatda ma'lum qilinishicha, joriy yil 20 sentabr kuni Chiroqchi tumani 2-, 4- va 5-umumiy o‘rta ta'lim maktablari 9-, 10-, 11-sinflarining 3 nafar o‘quvchisi oldindan kelishmovchiligi bo‘lgani sababli 1-maktabning ma'muriy binosiga borgan. So‘ng shu yerda o‘zaro gaplashish vaqtida janjallashib qolishgan.
Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan 1-maktabda ichki ishlar organlari, xalq ta'lim bo‘limi va mahalla fuqarolar yig‘ini faollari hamda ota-onalar ishtirokida janjalni kelib chiqish sabablari o‘rganilib, muhokama qilinmoqda.
Ta'kidlanishicha, janjalda qatnashgan barcha o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi tartibida hujjatlar rasmiylashtirilgan.