Zarafshon shahrida yashovchi, rus millatiga mansub keksa ayolning ishonchiga kirib, uning 3140 dollar pulini o‘g‘irlagan fuqaro qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, nafaqaga chiqqan ayol uyini sotib, Rossiyada yashovchi farzandlari oldiga ketishga qaror qilgan. Uyni 22 ming AQSh dollariga baholagan. Ko‘p o‘tmay uyga xaridor topilgan. Shaharda yashovchi, uyni sotib olgan fuqaro oldi-sotdi jarayonida ayol bilan yaqindan tanishib, pulning 20 ming AQSh dollarini bank orqali uning o‘g‘illariga jo‘natishga yordam bergan.
So‘ngra uy egasi Rossiyaga ketishi haqida aytganida uni Navoiy xalqaro aeroportiga kuzatib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Yo‘lda esa hiyla ishlatib, mashinasi buzilib qolganini, telefon chirog‘ini tutib turishini so‘raydi. Ayol chiroq tutib turgan paytda mashina salonida uning sumkasidan 3140 AQSh dollarini olib qo‘yadi.
Aeroportda tekshiruvdan o‘tayotganda pullari yo‘qligini bilib qolgan ayol tezda IIB TXTB xodimlariga murojaat qilgan hamda uzoqqa ketib ulgurmagan fuqaro qo‘lga olingan.
Oldinroq Navoiyda savdo do‘konidan 40 mln so‘m pulni o‘g‘irlab ketgan fuqaro qo‘lga olingandi.