Toshkentning Bektemir tumanida joylashgan teploizolyatsiya ishlab chiqarish sexida 17 oktabr kuni soat 03:24 da yong‘in yuz berdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Husayn Boyqaro ko‘chasi 11-uyda joylashgan «Suvmash» zavodi hududida ijarada bo‘lgan «Texnopleks» MChJga qarashli ushbu sex bostirmasining ichki va tom qismi hamda uning mahsulotlari 1200 kvadrat metr maydonda yongan.
Yong‘in soat 04:21 da qurshab olinib, soat 04:44 da o‘chirilgan. Yong‘indan bostirma va unga tutash binolarning 5000 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Hozirda yong‘in sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda.
Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q.