Kun.uz’da Samarqand viloyati Paxtachi tumanida joylashgan bog‘chada oshpaz va xo‘jalik ishlari mudiri go‘sht o‘g‘irlagani va mazkur o‘g‘rilik viloyat MTB tomonidan tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha bog‘chadagi o‘g‘rilik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan Paxtachi tumanidagi 28-sonli DMTTda go‘sht mahsulotlari talon-toroj qilinayotgani holati yuzasidan rasmiy munosabat bildirilgan. Mazkur holat yuzasidan Paxtachi tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra, 28-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.
Maktabgacha ta'lim vazirligi bildirgan munosabatda yozilishicha, Paxtachi tuman Hayit Elbegi mahallasida joylashgan 28-sonli bog‘cha bosh oshpazi O‘.A. pishirilgan 4,7 kilogramm go‘shtni olib avval kirxonaga yashirib qo‘ygan. So‘ng uni bog‘chaning xo‘jalik mudirasi M.E.ga bergan.
Xo‘jalik mudirasi M.E. 4,7 go‘shtni bog‘cha hovlisidan olib chiqib ketayotganda shu bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlaydigan N.N hamda M.U tomonidan to‘xtatib qolingan va holat video va audio shaklda yozib olingan.
Ushbu holat bo‘yicha bog‘cha bosh oshpazi O‘.A. hamda xo‘jalik mudirasi M.E. bilan suhbat o‘tkazilganda ular 28-bog‘cha direktori Sh.U.ning topshirig‘i va ko‘rsatmasiga anchadan buyon go‘sht o‘g‘irlashlarini aytishgan. Ular bog‘cha tarbiyachilari N.N hamda M. U.ning aytgan gaplarni va ular tomonidan olingan video va audio yozuvlardagi lavhalar to‘g‘ri ekanini o‘z tushuntirish xatlarida tasdiqlagan.
Ta'kidlanishicha, hozirda 28-bog‘cha bosh oshpazi O‘.A. va xo‘jalik mudirasi M.E. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
«28-maktabgacha ta'lim tashkilotidagi mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi mutasaddi tashkilotlar tomonidan qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishini ma'lum qilamiz», deyilgan munosabatda.