“O‘zmetkombinat” ishi bo‘yicha sudlangan tadbirkorlar adolat istamoqda

Jamiyat 14:42 / 16.10.2021 21947

Uzoq yillardan beri “O‘zmetkombinat” bilan daval xomashyosini qayta ishlash shartnomasi asosida ishlab kelgan tadbirkorlar 2017 yilda yoppasiga tergovga jalb qilinadi. Ularga hujjatlarni qalbakilashtirish, soxta tadbirkorlik, “O‘zmetkombinat” mulkini talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa bir qator ayblovlar qo‘yiladi.

Yakunda Toshkent viloyat sudining 2020 yil 15 maydagi hukmi bilan “O‘zmetkombinat” ishi bo‘yicha jami 28 kishi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybdor deb topiladi.

Toshkent viloyat sudi apellyatsiya sudlov hay'atining 2021 yil 23 martdagi ajrimi bilan hukm qisman o‘zgartirilib, faqatgina bir sudlanuvchidan 243-modda bo‘yicha ayblov olib tashlanib, sudlanuvchilarga nisbatan o‘rnatilgan ayrim taqiqlar bekor qilinadi.

Sudlanuvchi Sanobar Yoqubova ish bo‘yicha tergov jarayonidagi xotiralarini so‘zlab berdi.

Sanobar Yoqubova

2017 yil dekabr oyidan meni tergovga chaqirishdi. Davlatga zarar yetkazganligimni va uni to‘lab qo‘yishimni aytishdi. “Shu pulni to‘lasangiz, ketaverasiz, sizga tegmaymiz” deyishdi. Tanishlarimdan qarz olib, bu pulni to‘lashga tushdim. Turli qo‘rqitishlar bilan pulni (2018 yil) mart oyigacha to‘lattirishdi. May oyida ayblov e'lon qilishdi. Nega bunday qilishganini so‘rasam, “pulni to‘ladingiz-ku, demak aybdorsiz” deyishdi.

Tergov jarayonida shaxsiy advokatimni kirgazishmadi, “davlat tomonidan advokat beramiz” deyishdi. Tergovga ertalab 10da chaqirishadi, shu bilan kechki soat 11-12gacha ushlab o‘tirishadi. U yerda bizni hech kim eshitmadi. O‘sha vaqti hammani ketma-ket qamab tashlayverganidan, qolaversa yarim kechasigacha ushlab o‘tirishganidan keyin uyga tezroq qaytish uchun ham ayrim qog‘ozlarga o‘qimasdan ham qo‘l qo‘yib yubordim. Prokuraturada bunday nohaqliklar bo‘ladi, deb kutmagandim” – deydi Sanobar Yoqubova.

Yana bir sudlanuvchi Farhod Jo‘rayev ham tergov davrida boshidan o‘tkazganlarini hikoya qildi.

Farhod Jo‘rayev

Yuragimni operatsiya qildirgan bo‘lishimga qaramasdan, qo‘limga kishan taqib, urishib, “pulni qayerga berkitgansan” deb so‘rashdi. Men “O‘zmetkombinat” bilan daval shartnomasi asosida, ya'ni chiqindi metallarni yig‘ib, qayta ishlab berishga topshirish asosida ishlaganimni aytdim. Hamma ishimni qonuniy qilganman, 2010 yildan 2017 yilgacha davlatga 6 mlrd so‘mga yaqin soliq to‘laganman. 2017 yildan beri tergov 2 yil bo‘ldi, undan keyin sud boshlandi, lekin sud haligacha yakuniga yetgani yo‘q” – deydi Farhod Jo‘rayev.

Sudlanuvchilarning advokati Abdurahmon Hamidov “O‘zmetkombinat” bilan bog‘liq jinoyat ishi 2017 yil oxirida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qo‘zg‘atilganini, bunga asos qilib 2009-2017 yillarda “O‘zmetkombinat” mahalliy firmalar bilan daval xomashyosini qayta ishlash shartnomalarini tuzib faoliyat yuritgani asos qilib olinganini ma'lum qildi.

Abdurahmon Hamidov

Daval xomashyosi – bu metallolom, ya'ni temir va boshqa qora metall chiqindilari.

Tekshiruvchilarning xulosasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan “O‘zmetkombinat” bilan bunday shartnomalarni tuzish taqiqlangan bo‘lgan, vaholanki qarorda bunday taqiq belgilanmagan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining yana bir qaroriga asosan Kombinat ushbu firmalarga mahsulotni faqat birja narxlari bo‘yicha sotishi shart bo‘lgan emish. Vaholanki, bu yerda mahsulot oldi-sotdi bitimi emas, daval xomashyosini qayta ishlash shartnomasi bo‘yicha olingan. Ya'ni daval xomashyosini Kombinatga yetkazib berib, qayta ishlangan mahsulot uchun xizmat haqini to‘lab olgan.

Shu taxlitda 2009-2017 yillarda daval xomashyosini qayta ishlash shartnomalari asosida firmalar olgan mahsulot birja narxida qayta hisoblanib, ushbu qiymatdan ular topshirgan metallolom qiymati va to‘lab berilgan qayta ishlash xarajatlari ayirib tashlanib, oradagi farq “O‘zmetkombinat” mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish deb baholangan. Ko‘rib turganimizdek, aybdorlik mazmunining o‘zida mantiq yo‘q.

Aybdorlikning eng asosiy dalili firmalarda o‘tkazilgan tekshiruv dalolatnomalari hisoblanadi. Yuridik ma'lumoti bo‘lmagan davlat soliq xizmati xodimlari tekshiruv dalolatnomalarida qonun hujjatlarini “huquqiy tahlil” qilgan holda shartnomalar o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan noqonuniy bitim hisoblanadi degan noto‘g‘ri xulosa qilishgan. Bu holat vrach ma'lumoti bo‘lmagan odam tomonidan bemorga tibbiy diagnoz qo‘yilishiga o‘xshaydi, – deydi advokat Abdurahmon Hamidov.

Himoyachiga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi sudida tekshiruv dalolatnomalari ishonchga sazovor bo‘lmagan nomaqbul dalil ekani o‘z tasdig‘ini topgan.

Bu quyidagicha amalga oshirildi:

Birinchidan, shartnomalarning noqonuniy ekanligiga oid huquqiy xulosalar mutlaqo noto‘g‘ri ekanligi aniqlandi;

Ikkinchidan, firmalarda tekshiruv o‘tkazgan davlat soliq xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tekshiruvchilari sudda so‘roq qilinganlarida tekshiruv dalolatnomalaridagi shartnomalarning noqonuniy ekanligiga oid huquqiy xulosalarni ular yozmaganlarini, ushbu xulosalarni kimlar yozganini bilmasliklarini tan olib ko‘rsatma berishdi;

Uchinchidan, tekshiruvchilar zarar hisoblash jadvallarini ham o‘zlari tuzmaganlarini tan olib ko‘rsatma berishdi va natijada ushbu jadvallarni aynan kimlar tuzganligi noma'lum ekanligi aniqlandi;

To‘rtinchidan, go‘yoki yetkazilgan deb hisoblangan moddiy zarar tekshiruv davrida ataylab sun'iy ravishda bir necha barobarga oshirib hisoblab chiqilgani aniqlandi va sudda so‘roq qilingan tekshiruvchilar: “Oshirib hisoblash holatlari advokat tomonidan to‘g‘ri aniqlangan” deb ko‘rsatma berishdi;

Beshinchidan, sud so‘rov qilib olgan bir qator hujjatlar, ya'ni, “O‘zmetkombinat” rahbarining shartnomalarni tuzishga ruxsat berishni so‘rab Bosh vazir o‘rinbosari nomiga yozgan xati va Bosh vazir o‘rinbosari E.Shoismatovning shartnomalarni tuzishga ruxsat beruvchi rezolyutiv ko‘rsatmasi, “O‘zmetkombinat”ning biznes-rejalari va ularni tasdiqlagan Kuzatuv kengashi yig‘ilishi bayonnomalarini o‘rganish orqali “O‘zmetkombinat” Bosh vazir o‘rinbosarining rasmiy yozma ruxsati bilan, hukumat rahbarlarining ogohligida va to‘liq nazorati ostida firmalar bilan daval shartnomalarini qonuniy tuzib faoliyat yuritgani to‘liq tasdiqlandi” – deydi advokat.

Abdurahmon Hamidovning aytishicha, ishni apellyatsiyada ko‘rish jarayonida tadbirkorlarning aybsiz ekani o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da, apellyatsiya sudlov hay'ati sud hukmini asosiy aybdorlik qismida o‘z kuchida qoldirgan.

Tekshiruv dalolatnomalarining nomaqbul va ishonchga sazovor bo‘lmagan dalil ekanligi tasdiqlangan bir holatda ayblov hukmining kuchda qoldirilishi adolat va odil sudlov prinsiplariga zid emasmi?

Eng achinarlisi, sudlanuvchilarning aybsizligini, ya'ni ayblov hukmining asossiz ekanligini tasdiqlovchi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar, shuningdek himoyachilar va sudlanuvchilarning asoslantirilgan vajlari, sud so‘rov qilib olgan va advokatlar taqdim etgan hujjatli dalillar apellyatsiya ajrimida umuman muhokama qilinmagan va ularga umuman baho berilmagan. Ya'ni, nima sababdan sud ularni inobatga olmagani tegishli xulosalar bilan umuman asoslantirilmagan” – deydi sudlanuvchilarning advokati.

Sudlanuvchilarning boshqa bir advokati Abdumalik Abdullayevning qo‘shimcha qilishicha, dalolatnomalardagi “daval xomashyosini qayta ishlash shartnomalari haqiqiy bo‘lmagan noqonuniy bitim” degan xulosani mustahkamlash maqsadida tergovchi sudga oid iqtisodiy ekspertiza tayinlagan va ekspertiza xulosasi vakolatli bo‘lmagan organ (Hadicha Sulaymonova nomidagi ekspertiza markazi) tomonidan berilgan. Ya'ni, ekspertiza markazida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarning qonun talablariga muvofiq tuzilganligi bo‘yicha ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilmasligi ayon bo‘lgan. Biroq, sud hukmida ushbu dalil ham aybdorlikni isbotlovchi dalil sifatida keltirib o‘tilgan.

Abdumalik Abdullayev

Apellyatsiya sud majlisida qatnashgan advokat Xurshid Rustamov ham ayblovni mantiqsiz deb hisoblamoqda.

Tasavvur qiling, siz kilogrammi 2 ming so‘mdan bo‘lgan 100 ming so‘mlik 50 kg bug‘doyni tegirmonga olib bordingiz, qayta ishlash xizmat haqiga 50 ming so‘m to‘lab, bug‘doyingizni un qilib olib ketdingiz. Jami, 50 kg un sizga 150 ming so‘mga tushdi. Bir necha yil o‘tib, tegirmonga tekshiruvchilar kelib: “Olib borgan bug‘doyingdan chiqqan unni birja orqali sotib olishing kerak edi, shu payt 1 kg unning birjadagi narxi 5 ming so‘m bo‘lgan, agar sen birjadan sotib olganingda 50 kg un 250 ming so‘mga tushardi” deb, oradagi 100 ming so‘mlik “zarar”ni sizdan undirishsa, shu adolatdan bo‘ladimi?

Yoki tegirmonchi qayta ishlash xarajatiga to‘langan pulni olib, bug‘doydan chiqarilgan un mahsulotini qaytarmasdan, unni birjadan sotib olasan deb bug‘doy egasini haydab yuborsa, uning bu ishi qonuniy bo‘ladimi?” – deydi Xurshid Rustamov.

Xurshid Rustamov

Ma'lumot uchun, 2020 yil 15 maydagi sud hukmi bilan:

Sanobar Yoqubova JKning 167-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandlari, 179-moddasi, 189-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari, 227-moddasi 2-qismi “a” bandi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni;

Farhod Jo‘rayev JKning 167-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandlari, 179-moddasi, 189-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari, 227-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

2021 yil 23 mart kuni apellyatsiya sudi ularga nisbatan barcha moddalar bo‘yicha ayblovlarni o‘z kuchida qoldirgan.

Abbos Salaydinov
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov

Ko‘proq yangiliklar: