«Laqaydan chiqqan Bonapart». Sho‘rolarga qarshi 10 yildan ziyod jang qilgan Ibrohimbek Chaqaboyev nega jadidlarni yoqtirmagan?

Jamiyat 19:10 / 15.10.2021 54751

Xalq orasida “Laqaydan chiqqan Robin Gud”, “Sharq Napoleoni” deb atalgan Ibrohimbek Chaqaboyev o‘n yildan oshiq sovet hukumatiga qarshi kurashdi. U 1931 yil avgust oyida sovet hukumati dushmani sifatida bolsheviklar tomonidan otib tashlangan. Oradan 90 yil o‘tgach, ya’ni 2021 yilning avgustida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uni oqladi.

“Ibrohimbek Laqay 1889 yilda Sharqiy Buxorodagi Ko‘ktosh qishlog‘ida o‘zbek urug‘laridan sanalmish laqay urug‘i ulug‘laridan birining oilasida dunyoga keladi. Uning otasini Cho‘qaboy To‘qsabo deyishar, to‘qsabo Buxoro amirligida harbiy unvonlardan biri bo‘lib, bugungi kundagi polkovnik unvoni bilan teng hisoblanadi.

Ibrohimbek oiladagi olti o‘g‘il, olti qizning eng kenjasi hisoblangan. Laqaylarning turmush tarziga ko‘ra u to‘ylardagi kurashlarda olishib, uloqlarda ot chopishib ulg‘aygan. Nomi chiqqan polvon, chopag‘onlardan biri bo‘lgani uchun 1919 yilda u amirlik qo‘shiniga ishga qabul qilinadi va unga qorovulbegi lavozimi beriladi”, deya hikoya qiladi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev.

Bahrom Irzayev

1920 yili Turkistonda sovet hukumati o‘rnatiladi. Qizil armiyaning Buxoro amirligiga shiddatli hujumi oqibatida Amir Olimxon mag‘lubiyatga uchraydi va taxtni tashlab, 1920 yil sentabrida Sharqiy Buxoroga chekinadi.

Davlatmandbek laqay urug‘lari oqsoqollari bilan qurultoy o‘tkazib, ularni sovet hukumatiga qarshi yalpi kurashga da’vat etadi. Qurultoyda Eshon Sulton rahbarligidagi Hisor laqaylari ham, Ko‘r Ortiq dodho Ashirov boshliq Baljuvon laqaylari ham umumiy rahbarlikni bir ovozdan Ibrohimbek Chaqaboy to‘qsabo o‘g‘liga topshiradi.

“1920 yilning sentabridagi qonli voqealardan so‘ng amir Dushanbega borib joylashadi. Biroq u yerda na katta amaldorlarni va na otlar hamda armiyani ushlab turadigan sharoit bo‘lmagani uchun amir Olimxon Afg‘onistonga yo‘l oladi. Ushbu og‘ir damlarda amirning yonida bo‘lgan Ibrohimbekka dastlab, devonbegi, to‘pchiboshi, so‘ngra ko‘pchilikning yakdil ovozi bilan amiri lashkar lavozimlari beriladi. Shundan so‘ng butun Buxoro amirligini tiklash vazifasi laqaylik ushbu yigitga ishonib topshiriladi. U mana shu tarzda istiqlol uchun kurash tarixiga kirib keldi. Bu paytda u endigina o‘ttizga kirgan yosh yigit bo‘lgan”, deydi Bahrom Irzayev.

Ibrohimbek Chaqaboy o‘g‘li

1921 yilda Amir Olimxon rahbarligida o‘tkazilgan Buxoro qo‘rboshilarining qurultoyida «Islom lashkarboshisi» unvoniga sazovor bo‘lgan Ibrohimbek butun qo‘shin qo‘mondoni etib tayinlanadi va u qisqa muddatda 10 mingdan ortiq askar to‘plab, Ko‘lob, Baljuvon, Qorategin, Darvoz, Hisor viloyatlarining katta qismini qizil qo‘shindan tozalashga erishadi.

1922 yili esa Dushanbe shahrini bosqinchilardan ozod etishga kirishdi. 1923 yil bahorda Ibrohimbek qo‘l ostida faqat Sharqiy Buxoroda 47 ta qo‘rboshi dastalari harakat qilar, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra askarlarining soni Hisorning o‘zida 20 ming kishi atrofida bo‘lgan. 1923 yil yozida Hisor vodiysi va Panj daryosi atrofida qizil armiyaga qarshi janglarda ko‘plab g‘alabalarni qo‘lga kiritadi. 1925 yil yanvarda Ibrohimbek Surxon vohasida, Sherobod – Boysun atroflarida sho‘ro qo‘shinlariga qarshi kurash olib boradi.

Buxoro amiri Said Olimxon Afg‘oniston poytaxti Kobulda qo‘nim topgan bo‘lsa-da, Ibrohimbek bilan doimiy aloqa o‘rnatib, uni qo‘llab-quvvatlab turgan. 1922 yili u qo‘rboshiga ko‘mak berish maqsadida turkiyalik mashhur harbiy qo‘mondon Anvar poshoni Sharqiy Buxoroga yuboradi.

Biroq, Anvar Poshoning ozodlik harakatini birlashtirib, unga o‘zi rahbarlik qilishga urinishi Ibrohimbekka yoqmaydi. Turkiyalik qo‘mondon qisqa muddat davomida bir qancha g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, qo‘rboshi uni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortadi.

Qo‘rboshining tergovdagi ko‘rsatmalarida Anvar posho kelganida uni 90 nafar askari bilan qurolsizlantirganini, so‘ng muzokaralar natijasida Anvar poshoning rahbarligini tan olgani qayd etilgan. Anvar posho 1922 yilning avgustida bo‘lib o‘tgan qizil armiyaga qarshi jangdagi mag‘lubiyatda askarlarining katta qismidan ajralib, Afg‘onistonga chekinayotganida halok bo‘ladi.

Anvar posho

Bundan tashqari, tergov hujjatlarida Ibrohimbekning jadidlar bilan munosabatlariga oid savol-javoblar uchraydi. U o‘z ko‘rsatmalarida nima uchun jadidlarni yoqtirmaganiga to‘xtalib o‘tgan.

“Ibrohimbekni Anvar poshoni bir necha kun hibsda saqlagan, jadidlar vakili Usmonxo‘jani tan olmagan, shuningdek, milliy ozodlik harakati yetakchilari bo‘lgan qo‘rboshilar Muhammadaminbek, Shermuhammadbekning takliflarini qabul qilmagan, kuchlar birlashtirilishiga yo‘l qo‘ymagan, Buxoro amiridan boshqa birovni tan olmagan johil va o‘jar inson sifatida tanqid qiladiganlar ham bor. Hattoki uni bolsheviklar bilan hamkorlik qilganlikda ayblovchilar ham bor.

Xo‘sh, odamlar o‘rtasidagi bunday fikrlar qanday paydo bo‘lgan? Bularning aksariyati sho‘ro xufiyalari tomonidan to‘qib chiqarilib, Ibrohimbekni obro‘sizlantirish maqsadida mish-mish sifatida xalq orasida tarqatilgan. Xalq orasida Ibrohimbekning obro‘yi juda yuqori bo‘lganidan, uni faqat mana shunday bo‘htonlar orqali obro‘sizlantirishdan boshqa chora o‘ylab topisha olmagan.

Ibrohimbek so‘nggi tergovlarida shunday ko‘rsatma bergan: “Men bir to‘qsaboning kenja farzandi edim. Men uchun Buxoro ham yo‘q edi, jadidlar kimligini bilmaganman, Vatan mening o‘sha to‘rtta tog‘im edi. Men siyosiy kurashlardan uzoq odam edim. Anvar poshoni tanimaganim uchun hurmatini joyiga qo‘ya olmaganman. Jadidlarni Buxoro amirining dushmani deb bilganim uchun Usmonxo‘jani yoqtirmaganman. Lekin bu qarashim xato ekanini anglagan paytimdan men ularning xizmatida bo‘ldim”. Bu iqror ko‘rsatadiki, Ibrohimbek johil odam bo‘lmagan, balki u ham qaysidir masalalarda ma’lum bir fitnalar, xufiyalarning ma’lumotlariga ishongan, aldangan”, deydi Bahrom Irzayev.

Farg‘ona vodiysida tinchlikka erishgan sovet hukumati asosiy kuchlarini Tojikiston va O‘zbekistonning tog‘li viloyatlariga yo‘naltirib, Ibrohimbekka qarshi kurashni avj oldiradi. 1926 yil 21 iyunda keskin janglardan so‘ng Ibrohimbek Afg‘oniston hududiga o‘tib ketishga majbur bo‘ladi. 1926–1929 yillari Kobul yaqinidagi Qal’ai Fotuda – sobiq amir Said Olimxon qarorgohida yashaydi. Biroq Ibrohimbek boshchiligidagi muhojirlar Afg‘onistondagi siyosiy kurash, harbiy mojarolarda ishtirok etishga majbur bo‘ladi. Sababi sovet ayg‘oqchilari qay yo‘l bilan bo‘lmasin Amir Olimxonni yo‘q qilishga urinardi. Shu bois Buxoro amirining afg‘on hukumati bilan aloqasini buzish niyatida xilma-xil hiyla-nayranglarni ishga solishgan. Natijada afg‘on amiri Omonulloxon sho‘rolarning qo‘llovi bilan amirga turli yo‘llar bilan bosim o‘tkaza boshlaydi, uning qo‘shinini tarqatib yuborish yo‘llarini izlaydi.

O‘z amirining bu qadar ojiz ahvolga tushishi, ayniqsa, Shimoliy Afg‘onistonga sho‘rolar zulmidan qochib kelayotgan yuz minglab muhojirlarga sovet josuslari qutqusi bilan afg‘on harbiylari tomonidan zulm o‘tkazilayotganiga Ibrohimbek chiday olmaydi. Yigitlarini to‘g‘ri afg‘on armiyasiga qarshi jangga boshlaydi.

“Ibrohimbek o‘z askarlari bilan kimgadir tobe bo‘lishni tasavvuriga ham keltirmagan. O‘z amirini afg‘on amiri oldidada mute holatda ko‘rgan Ibrohimbek bunga chiday olmaydi. 1928 yilda shimolga ketib, dastlab Aylobodda afg‘on amirining 500 kishilik qo‘shinini yo‘q qiladi. Keyinchalik Chayab atrofidagi bir necha janglarda afg‘on qo‘shinini tor-mor keltirib, deyarli butun shimoliy Afg‘oniston hududida o‘zining hokimiyatini o‘rnatadi.

Turkistondan Afg‘onistonga juda ko‘p odamlar ko‘chib borgan edi. Afg‘on amiri mamlakat shimolida o‘ziga xavf tug‘diradigan kuchning hosil bo‘lishini xohlamasdi. U yerda azaldan yashab kelgan o‘zbeklar va turkmanlar ham afg‘on askarlarining doimiy tazyiqlaridan joni halqumiga kelganidan ular ham Ibrohimbekka bay’at berishadi. Mahalliy o‘zbek va turkman qavmlarining qo‘lloviga erishgach, Ibrohimbek butun shimoliy Afg‘onistondagi bekliklarni o‘zining odamlariga bo‘lib beradi.

Yuzaga kelgan vaziyatdan tashvishga tushgan sovet hukumati 1929 yilning so‘ngida Mozori Sharifga yurish qiladi. Bu paytda hokimiyatga kelgan afg‘on amiri Nodirshoh sho‘rolar bilan til biriktirib, Buxoro amiridan ochiqchasiga o‘z harbiylarini mamlakat hududidan chiqarib yuborishni talab qiladi”, deydi Bahrom Irzayev.

Tarixchining qayd etishicha, 1930 yil 24–25 may kunlari qo‘rboshilar qurultoyi chaqirilib, bo‘lg‘usi jang harakatlari va chegaraning turli nuqtalaridan Tojikiston hududiga o‘tish masalalari kelishib olinadi. Ibrohimbek SSSRga qarshi yalpi hujum muddati qilib 3 iyul kunini belgilaydi. Biroq josuslar orqali bu rejadan voqif bo‘lgan sovet rejimi rahbarlari zudlik bilan qarshi zarba uyushtiradi.

Ibrohimbek qo‘shini bilan sho‘ro askarlari o‘rtasida aprel–iyun oylarida shiddatli janglar bo‘lib o‘tadi. Ularga qarshi bolsheviklar tomonidan tanklar, aviatsiya, havo hujumi kuchlari va zaharli gazlar ishlatiladi. 12 iyunda Oqbosh tog‘idagi so‘nggi jangda Ibrohimbek qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi.

Muqum Sultonov

1931 yil 23 iyun kuni Kofarnihon daryosini kechib o‘tishda Ibrohimbekning holdan toygan askarlari qizil armiyaning Muqum Sultonov boshchiligidagi maxsus guruhi pistirmasiga duch keladi.

Qo‘rboshi jangda yaralanib, asirlikka olinadi. Uni qo‘lga olishda mashhur o‘zbek generali Sobir Rahimov ham ishtirok etgan va keyinchalik qizil yulduz ordeni bilan taqdirlangan. 42 yoshli Ibrohimbek maxsus soqchilar nazoratida Toshkent shahriga olib ketiladi.

Yarador holda asir tushgan Ibrohimbek sho‘ro askarlari qurshovida

Tergov hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Ibrohimbek sovetlarga qarshi jangga kirishdan oldin Yusuf Muqumboyev orqali Millatlar Ligasiga murojaat qilib, yordam so‘ragan. Biroq umidlari puch bo‘lib chiqadi.

“Sovetlar zulmi ostiga tashlangan yurtimni ularning qo‘lidan ozod qilish orzusida hayot-mamot jangiga kirganman. Qizil askarlarga qarshi kurash hayotim mazmuni bo‘ldi», deb aytgan Ibrohimbek o‘z ko‘rsatmasida.

Tarixchi Bahrom Irzayevning ta’kidicha, “Laqaydan chiqqan Bonapart”, “Sharq Napoleoni” kabi ta’riflarni laqaylarning o‘zlari o‘ylab topgan emas, balki Ibrohimbek bilan jang qilganlar uning mahoratiga tan berib shunday deyishgan. Sho‘rolar davri 30-yillarda Ibrohimbek Chaqaboyevni jisman yo‘q qilish bilan cheklanib qolmay uning nomini ham avlodlar ongidan o‘chirib yuborishga intilgan va ayni shu maqsadda Ibrohimbek va boshqa milliy ozodlik kurashi yetakchilari salbiy qiyofada tasvirlangan o‘nlab filmlarni tasvirga olgan. Tarixchi hozirgacha SSSR arxivlarida Ibrohimbekka oid hujjat va ma’lumotlarga maxfiylik tamg‘asi bosilgani, shu bois u haqdagi asil haqiqat to‘laqonli ochilmay qolayotgani, shu bois haqiqiy tarix arxiv hujjatlari ochiqlanib, ma’lum bir tadqiqotlardan so‘ng namoyon bo‘lishini aytadi.

Jamshid Niyozov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi –
Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: