G‘afur G‘ulom bog‘i qanday bo‘ladi?

Jamiyat 20:00 / 13.10.2021 31574

Hozirda poytaxtning Chilonzor tumanida joylashgan G‘afur G‘ulom bog‘ida ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Yangilangan bog‘ qanday bo‘lishi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

– Aynan ushbu bog‘ning rekonstruksiya konsepsiyasi o‘zining yondashuvi bilan ajralib turadi. Biz faqatgina poytaxtning eng yirik yashil hududlaridan birini saqlab qolishni emas, balki hududni yangi va turli daraxtlar, butalar va gullaydigan o‘simliklar bilan to‘ldirishni ham o‘z oldimizga vazifa sifatida qo‘yganmiz, – deydi G‘afur G‘ulom bog‘i direktorining o‘rinbosari Zafar Mirzaulukov. Tez orada bu yerda tabiat bilan uyg‘unlikni saqlagan holda, haqiqatda ham dam olish mumkin bo‘ladi.

Foto: G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ma'muriyati
Foto: G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ma'muriyati

Ushbu bog‘da bo‘lgan har bir kishi oxirgi yillarda bog‘ning hududi kafe, suvenir rastalari va boshqa obektlar bilan to‘lib ketganini biladi. Holat katta yashil hududda shunchaki erkin nafas olib ham bo‘lmaydigan darajaga borib qolgan edi. Oddiy qilib aytganda, poytaxtning qadimiy va aholi yaxshi ko‘radigan bog‘laridan biri katta bozor ko‘rinishiga kelib qolgan edi. Bu holat ayniqsa bog‘ga bolalari bilan dam olish uchun kelgan va har bir qadamda biron nima sotayotgan kishilarga duch kelgan ota-onalarga ayniqsa sezilardi.

Foto: G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ma'muriyati
Foto: G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ma'muriyati

Biz hozirda bog‘ning avvalgi tabiatini tiklash uchun ko‘p kuch va mablag‘ sarflayapmiz. Bog‘ni barcha rasta, kafe va kabob tayyorlaydigan joylardan tozalayapmiz. Katta e'tiborni landshaft dizayniga qaratyapmiz va bunda bog‘ maksimal darajada tabiiy bo‘lib qolishi uchun uyg‘unlikni saqlashga harakat qilyapmiz.

Ta'mirlash ishlari davomida Toshkent aholisining daraxtlar kesilishi bo‘yicha xavotir olayotganlarini tushunamiz. Qurilish ishlari ketayotgan joyda yashil ekinlarni saqlab qolish haqiqatda ham qiyin, lekin biz barcha daraxtlarni saqlab qolishning uddasidan chiqdik. Bundan tashqari, sug‘orish tizimini to‘liq o‘zgartirdik va bunga kam bo‘lmagan sarmoya ketdi.

Bu tasodif emas, axir G‘afur G‘ulom bog‘i «ekofrendli» uslubida yangilanmoqda. Masalan, eng kichik tashrif buyuruvchilar uchun o‘yin maydonlarida xorijda ishlab chiqarilgan to‘liq tabiiy kompozitsion materiallardan bo‘lgan turli arqonli zinalar, qoyalar va kanatlar bo‘ladi.

Bog‘ga, yana bitta diqqatga sazovor narsa – charxpalak qaytariladi. Attraksiondan poytaxtimizga ajoyib manzara ochiladi. Toshkentda bunday balandlikdan shahar ko‘rinishidan zavqlanish mumkin bo‘lgan joylar unchalik ham ko‘p emas. Albatta, ushbu attraksion yopiq kabinkalar va konditsionerlash tizimiga ega zamonaviy bo‘ladi.

Umuman olganda, piyoda sayr qilish va yugurish yo‘laklariga joy bo‘shatish uchun, bog‘da attraksionlar sonini kamaytirishga qaror qilingan. Bunda tashkilotchilar attraksionlarni ularning ancha zamonaviy va xavfsiz turlariga o‘zgartirishga ham harakat qilmoqda. Bog‘ hududida joylashgan ikkita ko‘l tozalanmoqda, gidrotizimlar to‘liq o‘zgartirilmoqda, shuningdek, ko‘llarning atrofida plyaj zonalari va tabiat qurshovida dam olish uchun joylar yaratilmoqda. Ko‘llarning birida qayiq va katamaranlar saqlab qolinmoqda, ikkinchi ko‘lni esa o‘rdaklar uchun ajratishga qaror qilingan.

Faqatgina bitta narsa – tabiat qurshovida dam olish mumkin bo‘ladigan bog‘ning ochilishini kutish qolmoqda.

G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ma'muriyati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: