Mir Arab madrasasining 500 yilligi xalqaro miqyosda nishonlanadi - Prezident

Jamiyat 13:36 / 12.10.2021 1933

“Xabaringiz bor, Islom hamkorlik tashkilotining ta'lim, fan va madaniyat bo‘yicha tuzilmasi – AYSeSKO Buxoroni 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e'lon qildi. Hech shubhasiz, bu yuksak e'tirof milliy merosimizni tiklash va o‘rganish, muqaddas qadamjolarni obod etish borasida mustaqillik davrida, xususan, keyingi besh yilda bu yerda amalga oshirgan ishlarimizga berilgan haqqoniy bahodir.

Shu bilan birga, amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan vazifalarimiz hali juda ko‘p. Masalan, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning ustozi, yurtimizda islom huquqshunosligi faniga asos solgan buyuk alloma Abu Hafs Kabir Buxoriy hazratlarining muborak nomini abadiylashtirish, ilmiy merosini xalqimizga yetkazish burchimizdir. 2023 yilda Kabir Buxoriy bobomiz tavalludiga 1255 yil to‘ladi. Ushbu sanani munosib nishonlash bo‘yicha maxsus qaror qabul qilamiz. 

Biz bundan uch yil muqaddam Mir Arab madrasasini oliy diniy ta'lim muassasasi sifatida qayta tiklaganimizdan sizlar xabardorsiz. Kelgusi yili ushbu mo‘tabar dargohning faoliyat boshlaganiga hijriy yil hisobi bo‘yicha 500 yil to‘ladi. Shu muhim sanani xalqaro miqyosda nishonlasak, o‘ylaymanki, ayni muddao bo‘lur edi. 

Ma'lumki, Buxoro – milliy san'atimiz va madaniyatimizning qadimiy markazlaridan biri. Maqom san'atining gultoji bo‘lmish “Shashmaqom”ning olamshumul shuhrat topishida ushbu zaminning hissasi beqiyosdir. Navbatdagi Xalqaro maqom san'ati festivalini Buxoroda o‘tkazsak, dunyo maqom ustalari shu yerda jamuljam bo‘lsa, bu albatta go‘zal va tarixiy anjuman bo‘ladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Ko‘proq yangiliklar: