«Zakovat» breyn-ring: Xorazm va Navoiy finalga chiqdi. Olti Gentra uchun bahs ertaga bo‘ladi

Jamiyat 16:47 / 11.10.2021 9927

Buxoroda o‘tkazilayotgan «Zakovat» breyn-ring respublika bosqichida finalchilar aniqlandi. Xorazm jamoasi murosasiz kechgan bahsda Toshkent jamoasini qo‘shimcha savollar evaziga mag‘lub etib, finalga chiqdi. Qizig‘i, Toshkent jamoasida tajribali zakovatchilar o‘ynashganiga qaramay, xorazmlik bilimdonlar iroda ko‘rsatib, kuchli raqibdan o‘tishdi.

Ikkinchi yarimfinalda esa Sirdaryo jamoasi (ular chorakfinalda Samarqandni ikki martalab yenggan edi) Navoiyga qarshi o‘yinda hech narsa qila olmadi. Mantiqiy jihatdan ancha kuchlilik qilgan navoiyliklar 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, finalga chiqdi.

Shu tariqa, Navoiy va Xorazm jamoalari ertaga, 12 oktyabr kuni Buxoroda o‘tadigan finalda kuch sinashadi.

Ma'lumot uchun, dastlab «Zakovat» breyn-ring o‘yinlari butun respublika bo‘ylab o‘tkazildi. Barcha viloyatdagi hududiy g‘oliblar 100 million so‘mdan mukofotni qo‘lga kiritgan. Respublika bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 13 jamoa va eng yaxshi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 3 jamoa grand final bahslarida ishtirok etishdi.

Finalda g‘olib bo‘lajak jamoaning har bir a'zosiga bittadan (jami oltita) Chevrolet Gentra mashinasi sovg‘a qilinadi.

O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi — Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: