«Adolat» partiyasi nomzodi raqamli iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlab, raqobatni kuchaytirish orqali monopoliyaga barham berishini bildirgan.
«Buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomani qudratli huquqiy vositaga aylantiramiz va bu jarayonga hokimiyat aralashuviga chek qo‘yamiz. Har qanday nizo sud qarori bilan yechim topadi. Biz bozorni boshqarish, tartibga solib turish zarur, deb bilamiz hamda «raqobat – mumkin qadar, davlat boshqaruvi – zarurat qadar» tamoyilini hayotga tatbiq etish tarafdorimiz», deyiladi nomzod dasturida.
Bahrom Abduhalimov monopoliyaning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishini aytib o‘tdi, buning ortidan bojxona tushumlari kamayishi o‘rnini esa to‘lanadigan soliqlar bilan qoplash reja qilingan.
«Biz adolatli va raqobatbardosh tadbirkorlik faoliyatini joriy qilamiz. Bunda monopoliyaning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yamiz. Xususan, “UzAuto Motors” AJga berilgan imtiyozlar va avtomobillar importiga belgilangan bojxona to‘lovlarini har yili 15 foizdan kamaytirib ochiq raqobatga o‘tishini, bojxona tushumlarining kamayishi esa to‘lanadigan soliqlar bilan qoplanishini ta'minlaymiz», – deyiladi nomzodning saylovoldi dasturida.
Avvalroq, Bahrom Abduhalimov o‘z saylovoldi dasturida oliy ta'lim muassasalaridagi kvotalarni butunlay yo‘q qilish, uy-joylar narxini keskin kamaytirish hamda prezident administratsiya va hukumat binolarini Toshkentdan tashqariga chiqarishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.