Zangiotadagi shifoxonaga kuniga o‘rtacha 25 bola yotqizilmoqda

Jamiyat 20:21 / 07.10.2021 23037

Sog‘liqni saqlash vazirligi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida qancha bemor bola davolanayotgani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Bugun Yevropaning qator mamlakatlarida avj olayotgan pandemiyaning yangi to‘lqini dunyo ahlini yana jiddiy xavotirga sola boshladi. Jumladan, birgina Rossiya Federatsiyasida kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari 25 ming nafarga yetib, o‘limlar soni antirekord daraja —  ilk bor 900 nafardan oshdi. Bu esa tashvishlanarli holat. 

Ana shunday vaziyatda O‘zbekistonda epidemiologik holatning barqarorlashuvi, albatta, ijobiy natija. Ammo bu xotirjamlikka berilish uchun  asos bo‘lolmaydi. 

Toshkent viloyatidagi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi mutasaddilari ham ayni shu fikrda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Muassasa direktori Anvar Husanovning ta'kidlashicha, hozirgi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar faqat Zangiota 1-son va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida qabul qilinyapti.  

«Markazimiz 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan. Hozir bu yerda 1 ming 600 nafar bemor muolaja olyapti. Ularning 26 foizi oltmish yoshdan oshgan fuqarolar bo‘lsa, 160 nafarga yaqini bolalardan iborat.  

Jami bemorlarning 77 foizi o‘rta og‘ir, 20 foizi og‘ir, 3 foizi esa o‘ta og‘ir holatda. Ayni paytda 153 nafar bemor jonlantirish bo‘limida davolanyapti. Kuniga o‘rta hisobda 100-150 nafar bemorni qabul qilib, 7-10 kun davomida ularning salomatligini tiklash choralarini ko‘ryapmiz», degan Anvar Husanov.

Markaz shifokorlari kasallanish ko‘rsatkichlarini bundan ham pasaytirish mumkinligi, buning eng samarali va oqilona yo‘li — o‘z vaqtida emlanish ekanini qayd etishgan. 

«Qolaversa, ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida fuqarolarning karantin qoidalariga yetarli darajada e'tibor qaratmayotgani ham epidemiologik vaziyatga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Statistik ko‘rsatkichlardan ham ayonki, og‘ir va o‘ta og‘ir holatdagi bemorlarning katta qismi keksa yoshdagi insonlar. Ularda kasallik asoratlari og‘ir kechishi va tuzalish muddati uzayib ketishi kuzatilmoqda. Bunday bemorlar bilan suhbatlashganimizda ular vaksina olishni paysalga solib kelganidan afsusda ekanliklarini aytishdi.

Ikkinchi salbiy holat shuki, SOVID-19ni yuqtirib olayotganlar orasida bolalar soni ham ortib bormoqda. Misol uchun, ayni kunda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kuniga o‘rtacha 25 nafar o‘g‘il-qiz yotqizilyapti. Chunki yurtimizda keng tarqalgan delta shtammi bolalarni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q», deyiladi SSV xabarida. 

Anvar Husanov O‘zbekistonda o‘smir yoshdagi bolalarni ham emlash ahamiyati haqida gapirgan.

«Yevropa davlatlari ilg‘or tajribalaridan kelib chiqib O‘zbekistonda ham 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlashga kirishilgan. Shu kungacha 117 ming nafardan ziyod farzandlarimiz vaksina olib ulgurdi. Ularning hech birida nojo‘ya ta'sirlar kuzatilgani yo‘q. Shunday ekan, bu amaliyotni yanada ommallashtirish barchamiz uchun foydali. Chunki bolajonlarimiz nafaqat bemor, balki virus tashuvchi bo‘lib qolishlari mumkinligini ham yoddan chiqarmasligimiz zarur», degan u.

Ko‘proq yangiliklar: