Toshkent shahrida 20 yoshli haydovchi Damas’da 4 nafar maktab o‘quvchisini urib yubordi. Poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berishicha, ulardan biri shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi.
Voqea 2 oktabr kuni, taxminan, soat 15:00da Yangihayot tumanidagi Chinor va Polvonyor ko‘chalari kesishmasida yuz bergan. 20 yoshli A.K. Damas’ni ishonchnoma asosida haydab ketayotganida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan piyodalarni urib yuborib, Nexia bilan to‘qnashgan.
Oqibatda 10-sinf o‘quvchilari — 2005 yilda tug‘ilgan Gleb K., 2005 yilda tug‘ilgan Sarmat M. va 2006 yilda tug‘ilgan Temur X., shuningdek, haydovchilar shifoxonaga yetkazilgan.
Yana bir piyoda — 10-sinf o‘quvchisi 2004 yilda tug‘ilgan Artyom Y. YTH oqibatida olingan jarohatlar tufayli shifoxonaga yetkazish davomida yo‘lda vafot etgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.