“Talaba tadbirlar zalini emas, miyasini to‘ldirishi kerak” - AQSh elchixonasi grantini yutgan qiz

Jamiyat 13:47 / 02.10.2021 31433

Gulnoza hozir Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 3-bosqichida tahsil oladi. U Amerika grantiga qanday loyiq ko‘rilgani va tarjimashunoslik yo‘nalishidagi rejalari haqida gapirib berdi.

“Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetida o‘qiyapman. Ingliz tiliga yoshligimdan qiziqqanman. Maktab paytlaridanoq ingliz tilidagi ertaklarni o‘zbek tiliga tarjima qilib yurardim. Shu qiziqishlarim meni bu oliygohga yetakladi.

O‘zim turli loyihalar ustida ishlashga juda qiziqaman. 2021 yil bahorida Eronda yoshlar o‘rtasida loyihalar tanlovi bo‘lgan. Bu – Eron va O‘zbekistonning do‘stlik-birodarlik munosabatlarini rivojlantirish dasturi edi. Unda qatnashib, Eron va O‘zbekiston yoshlari fikr almashinuv loyihasini ishlab chiqqanman. Va bu loyiham 100dan ortiq davlatlar ichidan qabul qilingan”,  – deydi u.

Shu yilning may oyida AQSh elchixonasi grant loyihalar tanlovini e'lon qilgan. Unda respublika bo‘yicha 100ga yaqin universitet, turli NNTlar ishtirokchilari ingliz tiliga doir loyihalari bilan qatnashgan. Har bir ishtirokchi o‘z loyihalarini taqdim etishi, shu loyiha asosida ishlay olishini va uni takomillashtirish usullarini ko‘rsatishi kerak bo‘lgan. Ular orasidan Gulnozaning ingliz tili o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan veb-sayt loyihasi g‘olib deb topildi va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Gulnoza loyihasining ahamiyatini shunday izohlaydi: “O‘zbekistonda har yili juda ko‘plab ingliz tili mutaxassislari yetishib chiqadi. Ammo ular va ishga oluvchi o‘rtasida aloqa yo‘q. Men tayyorlayotgan veb-saytda istalgan bir ingliz tili mutaxassisi qayerda o‘qigani, qanday tajribasi borligi, yoshi, tilni qaysi darajada bilishi haqida ma'lumot joylanadi.

Mutaxassislar o‘zlarining CV'larini saytga joylaydilar. Istalgan bir ingliz tili mutaxassisini qidirayotgan kishi bemalol saytga kirib, o‘ziga kerakli odamni topa oladi”.

Gulnoza u tayyorlayotgan platformada CV yozishni ham o‘rganish mumkinligini qo‘shimcha qildi. U CV yozishda qiyinchilikka uchraydiganlardan o‘z maslahatini ayamoqchi emas.

“Saytimizda birinchi navbatda CV'ni qanday yozsa, muvaffaqiyatli bo‘lishi haqida videorolik joylaymiz. Bundan keng jamoatchilik ham foydalanishi mumkin. CV yozayotgan odam unda o‘zining ingliz tilida so‘z boyligini namoyish etsa, orttirgan tajribasi, shu paytgacha erishgan yutuqlarini yozsa, bu – nomzod yutug‘ini belgilab beradi. Ish beruvchi CV'dan sizning salohiyatingizni ham bilib olishi kerak”, – deya tushuntiradi Gulnoza.

Hozirda sayt yaratish loyihasi bilan band bo‘lgan Gulnoza bungacha ingliz tilining turli sohalarida o‘zini sinab ko‘rgan. U yosh bo‘lishiga qaramay, dastlab xalqaro bog‘chada chet ellik bolalarni maktabga tayyorlov kursida saboq bergan. Undan keyin turli o‘quv markazlarida ishlab, tajriba orttirgan. Keyinchalik tarjimonlik qilib, chet elliklarga viza va hujjatlarini tayyorlashda yordamlashgan.

“Yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan saytimizdan qanaqadir iqtisodiy foyda keladimi-yo‘qmi, bu unchalik muhim emas. Men uchun tajriba muhim. Bu kelajakdagi faoliyatim uchun foydali bo‘ladi”, – degan fikrda Gulnoza.

Gulnozani suhbatga tortar ekanmiz, u ko‘plab oliygohlarda uchraydigan va ta'limdagi o‘zi o‘zgartirmoqchi bo‘lgan ayrim jihatlarni sanab o‘tdi. U, ayniqsa, ixtisosligiga to‘g‘ri kelmaydigan turli tadbirlarga talabalarni jalb qilish ularning vaqtini o‘g‘irlash ekanini aytdi.

“Talaba unga berilgan ta'lim vaqtida o‘qib-izlanishi kerak. Turli tadbirlarga jalb qilish talaba vaqtini o‘g‘irlashdir. Qo‘limda bo‘lganida shuni o‘zgartirardim. Talaba bo‘sh zalni emas, miyasini to‘ldirishi kerak”, – deydi u ta'lim haqida.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri
Operator va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov

Ko‘proq yangiliklar: