«O‘zmilliybank» AJ va Germaniyaning Doyche banki 100 mln AQSh dollari miqdoridagi shartnoma imzoladi

Jamiyat 17:55 / 01.10.2021 4834

Joriy yilning 29-30 sentabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston: iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” nomli xalqaro iqtisodiy forum doirasida, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” aksiyadorlik jamiyati va Germaniyaning Doyche banki o‘rtasida 100 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasini jalb qilish yuzasidan qarz shartnomasi imzolandi.

Doyche bank bilan imzolangan ushbu qarz shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniya Federativ Respublikasi bilan hartomonlama hamkorlikni rivojlantirish va munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha bergan topshirig‘ini ijrosini ta'minlashga imkon beradi.

Imzolangan bitimning afzalligi nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki Italiya, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlarga tegishli iqtisodiyotning turli sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatidir. Bundan tashqari, kredit liniyasi eksport kredit agentligidan sug‘urta qoplamasi va O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolati ta'minlanmagan holda jalb qilingan.

Asosiy e'tibor xizmat ko‘rsatish sohasida O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari va Toshkent shahridagi tadbirkorlik sub'yektlari loyihalarini moliyalashga yo‘naltirilgan. Mamlakatimiz vohalarida aholining farovonligi oshishi maqsadida, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga yangi ishchi o‘rinlar tashkil etish rejalashtirilgan.

“O‘zmilliybank” AJ Germaniya Federativ Respublikasining boshqa ilg‘or banklari bilan ham investitsion hamkorlik hamda samarali tajriba almashish doirasida aloqalarini rivojlantirishga tayyorligini bildiradi.

O‘zbekiston iqtisodiy forumi – 2021, O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish Vazirligi tashabbusiga ko‘ra, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida tashkil etildi. U 350dan ortiq xalqaro va o‘zbek ishbilarmon va moliya sohasi mutaxassislari, xalqaro moliya institulari, davlat arboblari, nodavlat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini birlashtirdi.

Ma'lumot o‘rnida: Doyche bank Germaniyaning aktivlari summasi bo‘yicha (1,57 trln. AQSh dollari) va kapitali (77,7 mlrd. AQSh dollari) eng yirik moliyaviy konglomerati hisoblanadi. Bosh ofisi Frankfurtda joylashgan va dunyoning eng yirik transmilliy banklarning 30 taligiga kiradi. Filiallarning keng qamrovli tarmog‘iga ega bo‘lib, 1891 ta bo‘limi hamda dunyoning 59 mamlakatida filial va vakolatxonalari mavjud. Xalqaro moliya va investitsiya bozorining eng yirik ishtirokchisi hisoblanadi.

“O‘zmilliybank” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: