Imkoniyati cheklangan bolalarning mehri cheksiz ustozlari. G‘amgin kirib, xursand chiqiladigan maktabdan reportaj

Jamiyat 20:24 / 01.10.2021 7814

Jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar ham boshqalar qatori ta'lim olishga va mavjud imkoniyatlardan foydalanishga haqli. Ularning ilm olib, kasb-hunar o‘rganishi, hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi esa bir kasb egalarining sa'y-harakatlari va mashaqqatli mehnatiga bog‘liq. Ular ustoz va murabbiylar. Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 25-maxsus maktab-internatida bo‘lib, aynan mana shunday fidokor ustozlar faoliyati bilan tanishdik.

Maxsus maktab-internatdagi dars jarayonlari oddiy maktablarnikidan farq qiladi, chunki bu yerda eshitish qobiliyatida nuqsoni bor bolalar ta'lim oladi. Ularga ta'lim berish, nutqini rivojlantirish esa o‘qituvchilardan alohida mas'uliyat va mahorat talab qiladi.

Sinf xonalarida ko‘pi bilan 12 nafar o‘quvchi bo‘ladi. Partalar ham ketma-ketlik bilan emas, barcha o‘quvchi ustozining yuzini bir xilda ko‘ra olishi uchun noodatiy tarzda qo‘yilgan. Chunki o‘qituvchi darsni bolalarga ko‘proq qo‘l va lab harakatlari orqali tushuntiradi. Eshitish qobiliyati sust yoki umuman bo‘lmagan bolalar har bir mavzuni avvalo ko‘rish orqali tushunadi. Bu jarayonda darsni o‘quvchiga tushuntirish pedagog uchun ham oson emas.

Maktab-internatda qariyb 35 yildan buyon dars berib kelayotgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilrabo Safoyevaning ta'kidlashicha, ta'lim maskaniga qabul qilingan bolalar o‘qish va yozishni bilmagan holda kelishadi.

«Ularning savodini chiqarishni avvalo ovoz va nafas mashqlari, qo‘l harakatlaridan boshlaymiz. O‘quvchilarimizga ikki bosqichda ta'lim beramiz. Birinchi bosqichda ularga o‘quv qurollarini, atrofdagi predmetlarni mimika orqali tushuntirib, his qilishga o‘rgatamiz. Ikkinchi bosqichda esa nutqida nuqsoni borligi uchun alifbo orqali savodini chiqaramiz. Hozirda 1-sinfga qabul qilgan o‘quvchilarimizni maktab hayotiga tayyorlayapmiz, oshxona, yotoqxonaga moslashtiryapmiz. O‘quvchilarimiz eshitmasa, gapira olmaydi. Buni bartaraf qilish uchun ko‘rgazmali qurollardan foydalanamiz. Eshitish qobiliyati sust bo‘lgan bolalar ko‘rish orqali fanni ham, so‘zni ham o‘rgana oladi. Oddiy maktablarda o‘qituvchi mavzuni bir marta aytsa, biz 4-5 marta qaytaramiz. O‘quvchilarimiz o‘z uylarida yaqinlari tomonidan alohida e'tiborda bo‘lgan. Shu sababli bu yerda ishlovchi o‘qituvchilardan ko‘proq mehribonlik, asabiylashmaslik, sabr-toqat talab qilinadi», deydi tajribali pedagog.

Maktab-internatiga viloyatning turli hududlaridan o‘quvchilar qabul qilinadi. Bu yerda yuqori va boshlang‘ich sinflar uchun o‘quv binolari, qiz va o‘g‘il bolalar uchun alohida yotoqxonalar, oshxona, sport va mashg‘ulot maydonchalari tashkil qilingan. O‘quvchilar shu yerda yashab, ta'lim olishadi. Shu sababli tarbiyachi va pedagoglar bolalar uchun ota-onadek qadrdon bo‘lib ketishgan.

«O‘quvchilarimiz orasida eshitmaydigan, chala eshitadigan, umuman gapirmaydigan bolalar ko‘p. Ularning tilini, his-tuyg‘ularini bilmasdim. Avvaliga muloqotga kirishish usullarini o‘rganib, keyin ular bilan muomala qila boshladim. Bunday o‘quvchilar bilan ishlashdan oldin o‘qituvchidan har doim darsga yaxshi kayfiyatda kelishi talab qilinadi. Chunki bolalar shunchalik mehr ko‘zi bilan qaraydiki, sizdan ham mehr kutadi. Hattoki ota-onalari ular bilan biz kabi muloqotga kirisha olmaydi. Uyiga jo‘natgan vaqtimizda ayrim ota-onalar farzandining nima istayotganligini tushunmasdan, telefon orqali bizdan so‘rashadi. O‘quvchilarimning eslab qolish qobiliyati juda ham kuchli. Har bir harakatingizni eslatib turishadi», deydi o‘qituvchi Zarina Baratova.

Maktab-internatida o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatishga alohida e'tibor qaratiladi. Chunki bunday o‘quvchilarning fanni o‘zlashtirishi hamda OTMga o‘qishga kirishi biroz qiyinroq. Ayni paytda qizlar uchun tikuvchilik, o‘g‘il bolalar uchun kulolchilik, zargarlik to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hatto ushbu to‘garaklarda tayyorlangan mahsulotlarni ichki bozorda sotish ham yo‘lga qo‘yilgan.

25-maxsus maktab-internati direktori Azim Jumayevning ma'lum qilishicha, 1973 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan o‘quv dargohida hozirda 265 nafar o‘quvchiga 75 nafar pedagog ta'lim bermoqda. Joriy yilda investitsiya dasturi asosida 180 o‘rinli o‘quv bino va 100 o‘rinli yotoqxona binosi qurib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan 108 nafar o‘quvchiga individual ovoz kuchaytiruvchi moslama, «Zamin» fondi tomonidan zamonaviy rusumdagi kompyuterlar taqdim qilingan.

Xullas, maktab-internatiga kirib borgan inson dilida avvaliga g‘amginlik bo‘ladi. Biroq u yerdagi muhit, bolalarning intiluvchanligi, bir-biriga bo‘lgan mehribonligi, o‘qituvchining o‘quvchiga munosabati hamda o‘quvchining o‘qituvchiga hurmatini ko‘rib, g‘amginlik o‘rnini yaxshi kayfiyat egallaydi.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: