Bugun poytaxtimizning Tashkent City Congress Hall saroyida o‘z ishini boshlagan “O‘zbekiston: Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” mavzusidagi O‘zbekiston iqtisodiy forumida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ o‘z taqdimoti bilan ishtirok etdi.
Forum doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning keyingi besh yilda tizimda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar, transformatsiya jarayonlari, iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan ingliz va rus tilidagi taqdimoti hamda tarqatma materiallari forumning xalqaro ishtirokchilari hamda ekspertlarida katta qiziqish o‘yg‘otdi.
Taqdimotda “Sert international” (Slovakiya) xalqaro tashkiloti tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens nazorat” tizimini joriy etish darajasi ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumki, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib, “Xarid siyosati”, operatsion xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilgani va hozirda amaliyotga keng joriy etilayotgani yig‘ilganlar e'tiborini tortdi. Shu bilan birga, korporativ boshqaruv tamoyillari xalqaro standartlarga moslashtirilgani, tizimdagi huquqbuzarliklarni kamaytirish hamda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning shaffof va samarali tizimi yaratilgani, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlari amaliyotga joriy etilayotgani, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalari tatbiq etilishi orqali inson omilini keskin qisqartirishga erishilayotgani qator xalqaro tashkilotlarning ijobiy auditorlik xulosalari va muvofiqlik sertifikatlarini olishga zamin yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida Jamiyat faoliyatida qator islohotlarni tizimli ravishda amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Xususan, bu boradagi faoliyatni samarali va ta'sirli vosita hamda usullar asosida muntazam tashkil qilish maqsadida, Jamiyatda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar doimiy ravishda, alohida reja asosida hayotga tatbiq etilmoqda.
Bunga, Jamiyat va uning hududiy tuzilmalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens nazorat” tizimi joriy etilganini misol qilib keltirish mumkin. Uning asosiy vazifalariga, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning hududiy tuzilmalari faoliyatini hamda sohaga oid me'yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini o‘rganib chiqishdan iborat bo‘lib, shu asosda tizimdagi mavjud korrupsion holatlar va ularning kelib chiqish sabablarini hamda muammolarini aniqlashdan iboratdir.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida umume'tirof etilgan xalqaro standartlar ISO 37001 –«Korrupsiyaga qarshi boshqaruv menejmenti» sertifikatiga ega bo‘lishi orqali chet el ijobiy tajribalarini joriy etish imkoniyati yaratiladi va boshqa profilaktik choralarga xizmat qiladi.
Aytish o‘rinliki, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning ijro apparati ISO 9001:2015 xalqaro sifat menejmenti tizimi auditidan muvaffaqiyatli o‘tib, muvofiqlik standartini ham qo‘lga kiritgan.
Tadbir so‘ngida Jamiyat faoliyatiga qiziqish hamda kelajakda hamkorlik qilish istagini bildirgan xalqaro kompaniya vakillari va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati o‘rtasida o‘zaro fikr almashildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati Ⓣ