Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida yashovchi ayol eri, qaynotasi va qaynog‘asi ikki kishining o‘limida nohaq ayblanib qamoqda o‘tirgani haqida gapirgan videolavha va xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura videolavha va xabarlar yuzasidan ma'lumot berdi. Unda aytilishicha, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun viloyat sudiga yuborilgan.
Ma'lum qilinishicha, 2020 yil 4 oktabr kuni Mirishkor tumani, Chandir qishlog‘ida yashagan 2 nafar shaxsning murdalari qotillik alomatlari bilan hamda Sh.J va voyaga yetmagan D.A. og‘ir tan-jarohatlari bilan hushsiz holda topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirishkor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha Chandir qishlog‘ida yashovchi 3 nafar shaxsga ayb e'lon qilinib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan tergovlar tugallangan va u mazmunan ko‘rib chiqish uchun Qashqadaryo viloyat sudiga yuborilgan. Hozirda jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat sudida ko‘rilmoqda.