2023 yilda O‘zbekistondan E-9 vizasi bilan 4 878 nafar fuqaro Janubiy Koreyaga ishga yuborilgan. 2024 yilda esa bu raqam 3 080 nafarni tashkil qilgan. Migratsiya agentligi vakiliga ko‘ra, bunga migrantlar ish joyini sababsiz tark etishi, ish beruvchi kompaniyalar o‘zlarini bankrot deb e’lon qilishi sabab bo‘lmoqda.
Janubiy Koreya 2007 yildan beri mehnat resursidagi yetishmovchilikdan kelib chiqib bandlikka ko‘maklashish tizimida ishlab keladi. Har yili EPS tizimi orqali 16 ta davlatdan mehnat migrantlarini ishga jalb qiladi.
Masalan, 2024 yilda mamlakat jami 165 ming xorijiy fuqaroni ishga qabul qilgan. Bunda O‘zbekistonning ulushi atigi 3 080 nafarni tashkil etdi. Agentlik bosh mutaxassisi Doston Olimjonovga ko‘ra, bunday tendensiya Nepalda ham kuzatilgan.
“Nepalni misol qiladigan bo‘lsak, 2023 yilda 19 758 nafar fuqaroni Koreyaga jo‘natgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib, 7 081 nafarga tushdi. O‘zbekistonda ham xuddi shunaqa. Xo‘p, endi bunga nima sabab bo‘lyapti? Fuqarolarning ish joylarini tark etishi yoki ish joylarini o‘zgartirish holatlarini aytish mumkin. Bundan tashqari, Koreya iqtisodiyotida ham o‘zgarishlar bo‘lganligi sababli ko‘p kompaniyalar o‘zlarini bankrot deb e’lon qilyapti. Shu sababli nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham pasayish bor”, – deydi Doston Olimjonov.
Agentlik boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatovning bildirishicha, Koreyaga borganda qilinadigan sarf-xarajatlardan so‘ng, O‘zbekiston fuqarolari yaqin qarindoshlari taklifiga binoan, ish joyini tark etyapti.
“Shuning uchun ham Koreya ko‘proq Senegal, Vetnam fuqarolarini tanlayapti. Chunki ularda 1-2 yil ichida ish joyini tashlab ketish holatlari kam uchraydi. Bunda hech kimni majburlay olmaymiz qaysi davlatdan migrant tanlasa tanlayveradi”, deydi Azim Ahmatov.
Mutasaddining ta’kidlashicha, endilikda Koreyaga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni ishga ko‘niktirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari ko‘paytiriladi. Migrantlar ish beruvchi kompaniyalarda bo‘lib, muhit bilan tanishadi. Bu 2025 yildan natijasini berishi kutilmoqda. Shuningdek, Azim Ahmatov Koreyaga ketish xarajatlari oshgani sababiga to‘xtaldi. Unga ko‘ra, Koreyada bir haftadan o‘n besh kungacha tayyorlov jarayonlari amalga oshiriladi, Qolaversa, agentlik xo‘jalik boshqaruvidagi tashkilot ham hisoblanadi. “Biz xodimlarga shart-sharoitlarini yaratish va ko‘rsatgan xizmatlarimiz uchun fuqarolardan haq undiramiz”, deydi Azim Ahmatov.
Boshqarma boshlig‘i ko‘p holatlarda Rossiyaga boradigan fuqarolarning moslashuv jarayonlari qisqaligi tufayli ularning ish haqidan kelib chiqib undiriladigan to‘lovlarni bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ham aytdi. Ammo agentlik matbuot xizmati vakili shu zahoti Azim Ahmatovning fikrini inkor etib, bu tizim bekor bo‘lganini ma’lum qildi.