O‘zbekistonda oltin quymalari narxi pasaydi. Qimmatbaho metall bilan bog‘liq nimalarni bilish muhim?

Iqtisodiyot 16:23 / 28.09.2021 28819

Odamlar pulini qayerda saqlaydi?

Qo‘lida o‘z ehtiyojidan ortiqcha puli bo‘lgan odamlar inflatsiya tufayli mablag‘i yemirilib ketmasligi uchun uni jamg‘arish instrumentlaridan biriga tikishadi. Kimdir ko‘chmas mulk, yana kimdir obligatsiyalarga. O‘zbekiston sharoitida esa so‘mni dollar qilib qo‘yish – pul jamg‘arishning asosiy vositasiga aylangan.

2020 yil noyabridan boshlab o‘zbekistonliklarda pulni oltinga tikish imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalari tijorat banklari orqali sotuvga chiqarilishini ma'lum qildi.

Oltin quymalari narxlari Xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon'yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.

10 oy: narxlar pasayishi va oltinga oid tendensiya

Kun.uz oltin quymalari sotuvga chiqqan paytdan boshlab 10 oylik narxlar statistikasini o‘rgandi. Kuzatuvlar bu davr ichida oltin quymalari narxi nominal qiymatda sezilmas arzonlaganiga qaramay, real qiymatda ancha pasayib ketganini ko‘rsatdi.

2020 yil noyabrdan 2021 yil sentyabrgacha Markaziy bank chiqargan oltin quymalari narxlari o‘zgarishi

*Ko‘rsatkichlar har oyning 3-sanasiga muvofiq olindi. Chunki Markaziy bank oltin quymalari narxini 3 noyabrdan e'lon qila boshlagan (Yanvar, aprel va sentyabr oylari uchun muvofiq ko‘rsatkichlar olindi).

5 gramm o‘lchovli oltin quymasi ilk bor 2020 yil noyabrda sotuvga chiqqanida 3 mln 426 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, sentyabrning boshida nominal qiymatda 5,6 foizga, real qiymatda 13,4 foizga arzonlagan. 20 grammlik oltin quymasida ham 12 foiz pasayishni ko‘rish mumkin. Garchi 10 va 50 grammlik oltin quymalari nominal qiymatda sezilarsiz darajada arzonlagan bo‘lsa-da, real qiymatda 8,8 va 10 foizga arzonlagan. Bu o‘tgan yil noyabrda oltin quymalarini sotib olgan odam hozir mablag‘ining 8-13 foizini yo‘qotganini anglatadi (oltin quymasining qaysi o‘lchovdagisini va qancha miqdorda sotib olganiga qarab).

Yuqorida ta'kidlanganidek, oltin quymalari narxlarini na O‘zbekiston Markaziy banki va na boshqa banklar mustaqil belgilaydi. Oltin narxlari Xalqaro qimmatbaho metallar bozori narxlaridan kelib chiqib, har kuni o‘zgarib boradi.

Goldprice.com ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi olti oyda oltinning 1 unsiyasi 0,6 foiz qimmatlaganiga qaramay, bir yilda sezilarli arzonlagan: 6,2 foiz.

Biroq shu o‘rinda, oltinning 5 yillikda 30 foiz, 20 yillikda esa 506 foizga qimmatlaganini ta'kidlash lozim.

Oltin narxlari. 25 sentyabr holatiga ko‘ra.
Manba: goldprice.com

“Odamlar ko‘proq oltinga ishonishni boshlashi, iqtisodiyotda odatiy investitsion sohalar riski oshganidan darak beradi”

Janubiy Koreyaning Jyeonbuk milliy universiteti (Jeonbuk national university) magistranti, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Kun.uz bilan suhbatda oltinga inqirozlar paytida investitsiyalar oqib kelishi sabablari haqida gapirdi.

“Tasavvur qiling, ko‘pchilik oltin sotib olishni boshladi, bu pul yoki odamlarning jamg‘armasi bir joydan boshqa joyga, qaysidir jamg‘arish vositasidan boshqa jamg‘arish vositasiga ko‘chib o‘tayotganini anglatadi. Oltin pulni jamg‘arish vositasi, xolos.

Agar odamlar ko‘proq oltinga ishonishni boshlasa, bu iqtisodiyotda odatiy Investitsion sohalar riski oshganligini anglatadi. Shuning uchun odamlar pulini saqlab qolish uchun ko‘proq oltin, qimmatbaho metallarga yoki oxirgi inqirozda bo‘lgandek bitkoinga tikishga harakat qiladi.

Ana shunday vaqtda oltin narxi oshadi. Boshqa bizneslar yoki faoliyatlarda investitsiya hajmi kamayishni boshlaydi. Ba'zilarida o‘sish sekinlashsa, boshqalarida aksiyalar narxi tushishiga o‘xshash holatlar kuzatiladi.

Oltin bahosi oshishi inqirozlar davrida odatiy holga aylanib qolgan. Inqiroz boshlanishi bilan ko‘pchilikda kelajakka bo‘lgan noaniqlik oshadi. Ya'ni qandaydir inqiroz boshlandi, masalan, pandemiya. Bu paytda odamlarda biznesga pul tikishga yoki umuman xarajat qilishga bo‘lgan istak sezilarli darajada pasayadi. Shu sababli, odamlar pulini yo‘qotib qo‘ymaslik va inflatsiya bilan yemirilib ketmasligi uchun o‘zlariga safe heaven – “xavfsiz boshpana” izlashni boshlaydi. Tarixan isbotlangan, ko‘pchilik qadimdan ishonib keladigan vosita – bu shubhasiz oltin va boshqa qimmatbaho metallar hisoblanadi. Shunaqa metallarga pul tikishga harakat qilishadi”, – deydi u.

Oltinga pul tikish foydalimi?

Bugun puliga oltin sotib olgan kishi qancha foyda ko‘rishi mumkin? U jamg‘arish vositasi sifatida foydalimi? Kun.uz bu borada iqtisodchi va mutaxassislar fikri bilan qiziqdi.

“Hamma ham pul tikib pul topa olmaydi, odamlarga risklar tushuntirilishi kerak” – moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov:

Xomashyo bo‘ladimi yoki qimmatli qog‘ozlarmi, investitsiya sifatida ishlatganda har birining yuqoriga chiqish va pastga tushish xavflari bo‘ladi. Shu sababli moliyaviy savodxonlikka ko‘p urg‘u beraman.

Hamma ham pul tikib pul topolmaydi. Buning uchun kerakli instrumentlarga pul tikish kerak. Bu bo‘yicha rivojlangan davlatlar ham retail investorni (xalqni) o‘zining pulini investitsiya qilayotganda, mana shu tushish va ko‘tarilish risklaridan ogoh qilgan holda, shunday xavflarga rozi bo‘lsagina investitsiya qilishga chorlaydi. Masalan, Amerikada brokerlar shunday risklar hisobiga hammaga ham o‘zining mahsulotini taklif qilmaydi.

Oltin narxiga keladigan bo‘lsak, u global kon'yunkturaga qarab o‘zgaradi. London metall exchange’da oltinning narxi juda ko‘p omillar - inflyatsion bosimlar, AQSh Markaziy banki siyosatiga qarab doim o‘zgarib boradi. Shu sababli har bir moliyaviy instrument (ETF, obligatsiya, aksiya bo‘ladimi) yuqoriga ham, pastga ham tushishi mumkin. Har doim shunday instrumentlar paydo bo‘lganda, har bir broker aholidan bir so‘m pul olishdan oldin mana shu risklarni to‘liq tushuntirib, rozi bo‘lgandan keyin undan pulini olib aksiyaga qo‘yishi kerak. Yo‘qsa, bu noto‘g‘ri bo‘ladi.

“Oltin uzoq muddatda foyda keltiradigan instrument” – iqtisodchi Otabek Bakirov

Oltinga investitsiya kiritishda eng muhim omil – bu pullarning uzunligi. Qisqa pullar bilan oltin sotib olmaslik kerak. Xalq tilida aytganda, ertaga yoki indinga, bir oydan keyin, 6 oydan keyin ishlatilishi mo‘ljallangan pullarga oltin sotib olmaslik kerak. Oltin uzoq muddatli trendda foyda keltiradigan vosita.

“Kelajakda nimaning narxi qancha bo‘lishini hech kim ayta olmaydi” – iqtisodchi Behzod Hoshimov

Oltinga pul tikish kerakmi degan savolga men javob bermagan bo‘lar edim. Qayerga pulni yo‘naltirish bu - o‘ta shaxsiy qaror va iqtisodchilar yoki boshqa odamlar qayerga pul tikish kerak degan savolga javob bermaganlari yaxshi. Kelajakda nimaning narxi qimmatroq bo‘lishini: oltin yoki dollar, yoxud boshqa instrumentlar – men bilmayman, eng muhimi, hech kim bilmaydi. Agar kimdir aniq bilaman desa, undan nima uchun bor mablag‘ini o‘sha yerga tikmasligini so‘rash lozim.

Oltin, aksiya yoki obligatsiya – qaysi biri eng yaxshi jamg‘arish vositasi?

Investopia mutaxassislari oltinni uzoq muddatli investitsiya sifatida baholaganda, asosan ma'lum vaqt oralig‘ida obligatsiya, oltin va aksiyalarning narxlari qanday o‘sganiga e'tibor qaratadi.

“Oltinni uzoq muddatli investitsiya sifatida baholaganda, bu tahlil qilinayotgan vaqtga bog‘liqligini aytish lozim. Masalan, 30 yillik davr mobaynida aksiyalar oltindan yaxshiroq va obligatsiyalar bilan bir xil edi. Lekin 15 yillik davrda oltin qimmatli qog‘ozlar va obligatsiyalarga qaraganda yaxshiroq jamg‘arish vositasiga aylandi.

1990 yildan 2020 yilgacha oltin narxi taxminan 360 foizga oshdi . Shu davrda Dow Jones Industrial Average – DJIA (fond bozori indeksi) 991 foizga o‘sdi.

Agar biz 2005 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan 15 yillikni olsak, oltin narxi 330 foizga oshgan, shu davrda DJIA narxlari atigi 153 foizga o‘sgan.

Shunday qilib, uzoq muddat davomida qimmatli qog‘ozlar oltindan 3 barobarga o‘zib ketgandek tuyuladi, lekin qisqa davrda oltinda ustunlik ko‘proq. Haqiqatan, 1920-yillardan boshab qaraydigan bo‘lsak, aksiyalar oltinni changda qoldirib yuborganiga guvoh bo‘lamiz.

Obligatsiyalarga kelsak, 1920 yildan 2020 yilga qadar investitsiya darajasidagi korporativ obligatsiyalarning o‘rtacha yillik rentabelligi 5 foiz atrofida bo‘lgan. Bu shuni anglatadiki, so‘nggi 30 yil ichida korporativ obligatsiyalar rentabelligi 330 foiz atrofida – oltindan biroz pastroq bo‘lgan. 15 yillik davr mobaynida obligatsiyalar rentabelligi aksiyalar va oltindan past bo‘lgan”, – deyiladi Investopedia tahlilida.

Madina Ochilova tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: