Iqtisodiyot | 21:01 / 10.02.2025
6270
3 daqiqa o‘qiladi

Oltinning rekord narxlari O‘zbekistonning zaxirasini salkam 43 mlrd dollarga yetkazdi

Yanvarda O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 1,7 mlrd dollarga oshib, 42,9 mlrd dollarga yetdi. Zaxiralarning oltin qismi 3 mlrd dollarga oshib, 35 mlrd dollarga yetgan. Valutadagi aktivlar 1,3 mlrd dollarga kamaygan.

Foto: Reuters

1 fevral holatiga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari qiymati 42,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu – bir oy oldingidan 1,7 mlrd dollarga ko‘p. Tegishli ma’lumotlar Markaziy bank saytiga joylangan.

Yanvar oyi davomida xorijiy valutadagi aktivlar keskin qisqargan. Zaxiraning bir qismi 1,3 mlrd dollarga kamayib, 7,3 mlrd dollarga tushgan.

Zaxiralar umumiy qiymatining o‘sishi oltin qimmatlashayotgani bilan bog‘liq: “moliyaviy yostiqcha”ning oltin qismi 32 mlrd dollardan 35 mlrd dollarga yetgan. Oltinning sof fizik hajmi esa biroz oshgan: dekabrda 12,30 mln troya unsiyani tashkil qilgan bo‘lsa, yanvarda 12,56 mln troya unsiyaga yetgan.

“Oy davomida oltin narxi 2 610,85 dollardan 2 791,50 dollargacha oshishining ta’siri +2 mlrd 269,1 mln dollarni tashkil etdi”, – deyiladi MB ma’lumotida.

Yanvar oyi hisoboti dastlab e’lon qilinganida, unda alohida band bilan 2,8 mlrd dollarlik “boshqa zaxira aktivlar” punkti bor edi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi aktivlarining xorijdagi likvid qismi bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Ammo Markaziy bank keyinroq hisobotni yangiladi va bu punkt nolga o‘zgartirib qo‘yildi. Hozircha Markaziy bank bu bo‘yicha izoh bermadi. Kun.uz holat yuzasidan MB matbuot xizmatiga savol yo‘lladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil davomida O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 34,56 mlrd dollardan 41,18 mlrd dollarga yoki 19,1 foizga oshdi. Bunda, 2024 yilda jahon bozorida oltin narxlarining keskin oshib ketgani va o‘zining tarixiy maksimum narxlarini bir necha marta yangilagani asosiy omil bo‘ldi.

Oltin narxi joriy yil boshida ham o‘sishda davom etyapti. O‘tgan haftada Markaziy bank sotuvga chiqargan 1 grammli oltin narxi 95 dollardan oshdi. Qimmatbaho metall narxi yil boshidan beri 9 foizdan ko‘proqqa oshdi.

Mavzuga oid