Jizzaxda bir sutkada ikkita yong‘in sodir bo‘ldi

Jamiyat 12:31 / 28.09.2021 886

Jizzax viloyatida 27 sentabr kuni ikkita yong‘in sodir bo‘lgan. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, har ikkala yong‘in qisqa tutashuv natijasida ro‘y bergan va ularda hech kim jarohatlanmagan. Yong‘inlar avj olmasidan bartaraf etilgan.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 27 sentabr kuni soat 3:37larda Jizzax viloyati FVBga Jizzax shahar «Jizzaxlik» MFYda joylashgan oshxonada yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar tushgan.

Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yong‘in joyiga yetib borganida oshxona binosining ichki va tom-shift qismida 80 metr kvadrat maydon tutab yonayotgani ma'lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida yong‘in soat 5:15da to‘liq bartaraf etilgan. Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, mazkur yong‘inga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, 27 sentabr kuni soat 11:23larda G‘allaorol tumani «Ko‘kgumbaz» MFYda joylashgan xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida ma'lumot kelib tushgan. Tuman FVBning yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi aytilgan manzilga yetib borganida 300 dona presslangan somon yonayotgani ma'lum bo‘lgan.

Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in qisqa fursatda bartaraf etilgan. Surishtiruvda mazkur yong‘inga ham elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgani ma'lum bo‘lgan. Mazkur yong‘in oqibatida ko‘rilgan moddiy zarar miqdori 3 million so‘mni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, har ikkala yong‘inda ham hech kim tan jarohati olmagan va halok bo‘lmagan.

Ko‘proq yangiliklar: