Bugun Osiyo taraqqiyot banki Vitse-prezidenti Shiksin Chen boshchiligidagi delegatsiya a'zolari O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi”da bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan zamonaviy ish jarayonlarini yaqindan kuzatdilar.
Ta'kidlash joizki, Markazda dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan server qurilmalari o‘rnatilgan bo‘lib, ulardagi dasturiy ta'minot orqali qariyb 20,0 mln. iste'molchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, Markaz imkoniyatlari yordamida bir vaqtning o‘zida qarzdor iste'molchilarni to‘liq avtomatik ravishda o‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng qayta yoqish kabi vazifalarni markazlashgan tarzda boshqarish mumkin.
Nufuzli mehmonlar Markaz imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishib, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda respublikada raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga O‘zbekiston hukumati tomonidan katta ahamiyat qaratilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ishga tushirilgan Markazning bugungi faoliyati menda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, bunday tizimning yo‘lga qo‘yilishi energetika sohasi, xususan, elektr energetika tizimini rivojlantirish bo‘yicha mamlakatingizda ijobiy islohotlar olib borilayotganidan dalolat bermoqda. Bundan ikki yil avvalgi tashrifimda ASKUE tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar Samarqand va Buxoro viloyatlarida yo‘lga qo‘yilayotgandi. Mana, oradan qisqa vaqt o‘tib, bu boradagi ishlar butun respublikani qamrab olgani va tizim to‘liq ishga tushirilgani meni xayratlantirdi, – dedi Osiyo taraqqiyot banki Vitse-prezidenti Shiksin CheN. – Bilamizki, har qanday davlatning iqtisodiy salohiyati bevosita energetika sohasi rivojlanishi bilan bog‘liqdir. Shu ma'noda, mamlakatingizda bu borada normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgani, qolaversa muqobil energetikani yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani meni juda xursand qilmoqda. Va biz O‘zbekiston hukumati bilan boshqa sohalar qatori energetika yo‘nalishida olib borayotgan hamkorligimizdan juda mamnun va xursandmiz.
Ma'lumot o‘rnida: “KT Corporation” kompaniyasi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ o‘rtasida 2019 yil yanvar oyida Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv bitimi imzolangan. Kelishuv doirasida moliyaviy hamkor – OTB vakillari ishtirokida markaz binosining ichki qismini to‘liq rekonstruksiya qilish va server qurilmalarini o‘rnatish orqali obektni hududlardagi elektr energiyasi hisoblagichlari ma'lumotlarini qayta ishlash respublika yagona markaziga integratsiya qilish ishlari boshlangan edi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati Ⓣ