Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida haydovchi Lacetti’da YPX xodimining hayotini xavf ostiga qo‘yib, 4 kilometr masofaga sudrab ketgan. Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, haydovchi ushlangan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 13 sentyabr kuni YPX inspektori safdor Sh.M. Qumqo‘rg‘on tumani Surxon sohili mahallasi hududida xizmat olib borgan. Xizmat davomida u yo‘lning qatnov qismida to‘xtab boshqa transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit berayotgan Lacetti mashinasi haydovchisi T.X.ning oldiga borgan. So‘ng haydovchiga o‘zini tanishtirib, Lacetti’ga tegishli bo‘lgan hujjatlarni taqdim etishini, mashinani yo‘lning chetiga olishini aytgan.
Qayd etilishicha, haydovchi inspektorning qonuniy talabini bajarmasdan mashinani uning ustiga haydab yuborgan. Inspektor to‘xtab turgan Lacetti’ning oldida bo‘lganligi sababli qochishga ulgurmay mashinaning old qismiga osilib qolgan. Haydovchi ana shu holatda mashinani haydashda davom etgan. Harakatlanib borayotgan mashina old qismida bo‘lgan YPX inspektori haydovchini bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramasdan uni taxminan 4 kilometr masofaga sudrab olib ketgan. Oqibatda YPX inspektori qulab tushgan va tan jarohatlari olib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.