Urgut shahrida joylashgan savdo markazlaridan birida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 25 sentabr kuni soat 19:24larda viloyat FVBga Urgut tumani «Yuqori kalangar» MFYda joylashgan «Urgut Fayz savdo» MChJga qarashli ikki qavatli savdo markazida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng voqea joyiga Urgut FVBga qarashli 3ta yong‘in-qutqaruv ekipaji zudlik bilan yetib borgan va yong‘in soat 20:38da batamom o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida savdo markazi binosi birinchi qavatining 98 metr kvadrat maydoni shift qismi va savdo mahsulotlari yonib ketgan. Yong‘in o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari natijasida binoning 420 metr kvadrat maydoni va undagi savdo mahsulotlari yong‘indan saqlab qolingan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan va halok bo‘lmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, mazkur yong‘in elektrdan foydalanish qoidalarining buzilishi ortidan sodir bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 23 may kuni tunda Urgut shahrida joylashgan dehqon bozoriga tutash 5ta savdo do‘koni, shuningdek, 31 avgust kuni tunda Bulung‘ur tumanida joylashgan buyum bozorida 20 ta savdo do‘koni yonib ketgandi. Bundan tashqari, joriy yil 13 iyun kuni tunda Ishtixon tumanida joylashgan dehqon bozorida oziq-ovqat rastasida yong‘in sodir bo‘lgandi.