Saytimizda bir muddat avval Samarqand shahrida 12 yil muqaddam buzilgan mulki uchun kompensatsiya tariqasida yer maydoni ajratib berilmayotgan 69 yoshli Najmi Amriyevning murojaatini yoritgan edik.
Voqea tarixi naqadar ko‘hnaligini bildirish uchun hazilomuz taqqos sifatida «snos» ro‘y berganda hali Lionel Messi birorta «Oltin to‘p» olmaganini keltirgan edik.
Xuddi shunga o‘xshash masalada Gulnora Kuliyeva tahririyatimizga murojaat qilib keldi. Onaxonning turar joylari 2006 yilda buzib tashlangan. Buzilgan uy-joylar evaziga berilishi kerak bo‘lgan atigi 4 sotix yer maydoni hanuzgacha Samarqand shahar hokimligi tomonidan berilmasdan kelmoqda. Bu voqea ro‘y berganida hali Krishtianu Ronaldu u yoqda tursin, Kaka ham «Oltin to‘p» olmagan edi.
Ma'lum bo‘lishicha, G.Kuliyevaga tegishli bo‘lgan Samarqand shahri Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasida joylashgan 25-uy 2006 yilda Samarqand shahrining tarixiy qismini rekonstruksiya qilish, «Shohi Zinda» tarixiy majmuasi atrofini ta'mirlash va obodonlashtirish asnosida buzilgan.
Qayd etish lozimki, uy-joylardan «tozalanib» obodonlashtirilgan mazkur hudud ayni paytda Hazrati Xizr masjididan pastroqda, marhum Islom Karimov maqbarasi etagida joylashgan.
Xullas, Samarqand shahri hokimini Suhrob Rafiqovning 2006 yil 15 iyundagi №719-Q sonli qarori bilan buzilgan uy uchun tovon tariqasida sobiq terini qayta ishlash zavodi (xalq tilida — kojzavod) hududidan 400 kvadrat metr yer ajratish ko‘rsatilgan.
Biroq «kojzavod» hududida yer qolmagani sababli unga boshqa joydan yer ajratib berilishi aytgan va oradan 15 yil o‘tsa-da, yer maydoni ajratilmasdan kelmoqda. To‘g‘ri, ushbu manzilda ro‘yxatda turganlar uchun o‘sha paytda ko‘p qavatli uylardan kvartiralar ajratilgan, tovon puli ham to‘langan. Lekin va'da qilingan yer maydoni berilmagan. Uning o‘rniga boshqacha ko‘rinishda mulk yoki pul ham to‘lanmagan.
Va'da qilingan yerdan kechishni istamagan Gulnora Kuliyeva sanoqsiz murojaatlar qilgani, har safar qo‘yni puch yong‘oqlarga to‘ldirib jo‘natilganini batafsil gapirib o‘tirmaylik. Bunda mubolag‘a yo‘qligi shundoq ham ayon.
U sudlarga murojaat qiladi va nihoyat, 2019 yil 4 oktyabrda Paxtachi tuman ma'muriy sudining hal qiluv qarori bilan uning arizasi qanoatlantiriladi hamda Samarqand shahri hokimligi zimmasiga G.Kuliyevaga yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun 400 kv.m yer maydoni belgilangan tartibda ajratib berish majburiyati yuklanadi.
Bedodlikni qarangki, Samarqand shahar hokimligi onaxondan uzr so‘rab, sudning bu talabini bajarish o‘rniga Paxtachi tuman ma'muriy sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun 2021 yil iyun oyiga kelib, Samarqand viloyat ma'muriy sudiga apellyatsiya shikoyati beradi.
Viloyat sudi ajrimi bilan apellyatsiya shikoyatini berishning muddati o‘tkazib yuborilgani tufayli shahar hokimligining apellyatsiya shikoyatini qabul qilish rad etiladi.
Buni nima deb izohlashni ham bilmay qolar ekansan kishi. Nima bu, majburiyatdan qochishmi?
Avvalgi maqolamizga ham Samarqand shahar hokimligi tomonidan biror munosabat bildirilmadi. Bilamiz, bunisiga ham bildirilmaydi. Nima ham deb munosabat bildirsin? Aftidan, Samarqand shahrining amaldagi rahbarlari 12–15 yil oldin ro‘y bergan voqealar, to‘lanishi kerak bo‘lgan kompensatsiyalar uchun aslo o‘zlarini mas'ul hisoblashmaydi.
Lekin anglash lozimki, qariya fuqarolardan sobiq hokimlar emas, davlat qarzdor. Qarz esa to‘lab berilmayapti, oqibatda fuqarolarning davlatga ishonchi suiiste'mol bo‘lmoqda.
Hokimlar kelaveradi-ketaveradi. Ammo inson qadri bosh tamoyil sifatida belgilangan bugungi kunda davlat va uni tamsil etuvchi rahbarlar sud qarorlarini ijro etib, o‘z fuqarolari oldidagi qarzini to‘lab qo‘yishlari kerak.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist