«Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qiz bolalar ta'limi xususida gapiradigan bo‘lsak, qizlarni albatta o‘qitish shart. Chunki o‘g‘il bolalar kabi ular ham Allohning bandasi, jamiyatdagi bir shaxs. Ular jamiyatning ajralmas qismi, shuning uchun ham ta'lim olishga haqli. Shariatda ayollarning ham oldilariga qo‘yiladigan burch va mas'uliyatlari bor. Buning uchun ular javobgar hisoblanishadi.
Har bir insonning o‘rganishga, atrofdagilar bilan muloqotdagi ilmlarga ehtiyoji bor. Shariat – ilm dini hisoblanadi. Shuning uchun ham ilk nozil bo‘lgan oyati karima «iqro» so‘zidan boshlanadi, ya'ni «o‘qi» deyilgan.
Erkaklar mukallaf bo‘lgani kabi ayol-qizlarimiz ham mukallaf. Ularga ham taklifotlar, majburiyatlar, farz amallar yuklatilgan. Ayol kishi ta'lim olmasa, bularni ado etishi, qiyomatda javobgarligi uchun mas'uliyatni his qilishi qiyin. Muqaddas kitobimizda «Ey imon keltirganlar! O‘zingizni ham, ahlingizni ham do‘zax olovidan qutqaring, saqlang», deyilgan. Do‘zax olovidan esa faqat ilm bilan qutqarilish mumkin. Ahlingiz deyilganda esa yon-atrofdagi ularga tegishli bo‘lgan ayollar (ona, rafiqa, qizi, opa-singillar) nazarda tutilgan. Bu kalimaning ma'nosini chuqur anglab o‘tgan solihlarimiz, hozirgi olimlarimiz o‘zlariga tegishli xotin-qizlarini hech qachon ilmsiz qoldirmaydilar. Ular uchun hayotda nimaiki o‘rganishlari kerak bo‘lsa, o‘shani o‘rganishlari uchun sharoit yaratib berganlar. Ular uchun oxiratda so‘raladigan mas'uliyatlarining ham ta'limini berib boradilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bir hadislariga nazar soladigan bo‘lsak, o‘sha davrda qul tutish odati bor edi. Allohga hamdlar bo‘lsinki, hozirda bunday amallar qolmadi. Ular aytdilarki: «Kim bir joriyasini (cho‘risini) yaxshi odob berib, ta'lim bersa va uni ozod qilsa yoxud uylanish istagi paydo bo‘lib oila qursa unga ikki ajr bordir». Demak, cho‘ri xotin-qizni oilali, baxtli-saodatli qilib, ta'minlash barobarida uni ilmli qilish evaziga katta mukofot va'da qilingan.
Bir joriyaning ta'limiga e'tibor bergan islom shariati ozod ayollarga ta'lim olish huquqini undan-da ziyoda etib qo‘ygan. Ta'kidlash kerakki, biror oyat yoki biror hadisda qizlarga ilm shart emas, ular faqat uyda o‘tirib o‘z vazifasini bajarsin, deyilmagan. Ayol kishi faqat eriga qarashi, bolalarini boqish bilan kifoyalanishi kerak, deyilmagan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning barcha ahli ayollari ilmli bo‘lishgan. Ular Qur'on yodlagan, fatvo berishda, fiqhiy masalalarda o‘z zamonasining peshvolaridan bo‘lishgan. Katta-katta sahobiylar kelib ulardan maslahat so‘rashgan. Agar bu nojoiz bo‘lganida, undan ko‘ra xayrliroq amallar bo‘lganda edi, avvalo payg‘ambarimiz o‘shani amalga oshirgan bo‘lardilar.
Xotin-qizlarning ilm olishlari uchun sharoit yaratilishi kerak. Bu yerda faqat ayollarning erkaklarga aralashib ketmasliklari uchun o‘zlariga xos sharoit yaratilsa bas. Ayolliklaridan kelib chiqib, tabiatlariga mos ilm bo‘lishi tavsiya qilinadi. Kelgusida o‘z sohalarida ishlab jamiyatga foyda keltirish maqsadi paydo bo‘lsa, o‘zlariga mos ishda ishlashlari lozim bo‘ladi.
Ayol-qizlarimizni o‘qitishdan ko‘zlangan yana bir maqsad: ularning e'tiborlari moddiyatlarga qaratilishi, o‘tkinchi xo-yu havaslarga berilib ketishlarining oldini olishdir. Bo‘sh qolib marosimma-marosim, bozorma-bozor yurib vaqtlarini, kuchlarini keraksiz narsalarga sarflamasliklari lozim. Ularning ruhiy bo‘shliqlari noto‘g‘ri narsalar bilan to‘lib qolmasligi uchun bu bo‘shliqni ilm bilan to‘ldirish kerak.
O‘z hayotimizdan misol keltiradigan bo‘lsak, jumladan, padari buzrukvorimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari biz – qizlariga hech qachon ilm olishdan ko‘ra uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lishimiz kerakligini targ‘ib qilmasdilar. Aksincha, o‘qishimizga katta e'tibor qaratib, bizdan buni qattiq talab ham qilardilar. Qachonki ilm bilan mashg‘ulligimizni bilsalar, xursand bo‘lib rozi bo‘lardilar. Biz ham sezib qolgandikki, ularni xursand qilishni niyat qilsak, yaxshi natijalarga erishish orqali ko‘ngillariga yo‘l topardik.
Otamizning ayollar ilmiga bo‘lgan rag‘batini ularga beradigan ta'riflaridan sezar edik. Biror ayol uchun maqtov keltirmoqchi bo‘lsalar, maqtov o‘lchovlari «U o‘qigan, ilmli ayol», derdilar. Agar qaysidir ayol kishidan noroziliklarini ifodalamoqchi bo‘lsalar «Ha, o‘qimagan-da», derdilar. Ularning nazdidagi o‘lchov – o‘qish edi. Bir pora Qur'onni o‘rganib, o‘zining farz amallarini mukammal bilsa, besh vaqt namozini, ro‘za ahkomlarini o‘rganib olgan bo‘lsa, u katta ne'matni qo‘lga kiritibdi, der edilar.
Nafaqat diniy bilimlarni, dunyoviy bilimlarni o‘rganish ham ayollar uchun joizligini aytardilar. Nashriyotimizda ishlaydigan opamiz kitoblarini tahrir qilganlarida o‘z ishining ustasi bo‘lgan, til bilgan bilimli ayollar haqida maqtov bilan gapirar edilar. Haqiqiy Allohni tanigan insonlar, din qayg‘usida bo‘ladigan olimlar, albatta, qizlarini o‘qitishga, ularning ilmli bo‘lishlariga e'tibor qaratishadi. Hozirda qizlar ta'limiga imkon qadar urg‘u berilyapti, kun kelib bu harakatlarning natijasida dinimizga, jamiyatimizga, xalqimizga foyda bo‘ladi. Buning natijasida jamiyatdagi ayollar bilan bog‘liq yechim topmayotgan muammolar o‘z-o‘zidan barham topadi».
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.