Jizzax avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan A toifali Volkswagen Caddy tez yordam avtomobillarining birinchi partiyasi hududiy boshqarmalar tasarrufidagi tez tibbiy yordam xizmatiga yetkazib berilmoqda. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
24 sentyabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Jizzax avtomobil zavodi o‘rtasida tez tibbiy yordam mashinalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomaga muvofiq O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan A toifali Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam avtomashinalarining birinchi bosqichini hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi tez tibbiy yordam shoxobchalariga yetkazib berish boshlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov so‘zga chiqib, tez tibbiy yordam xizmatiga topshirilayotgan ushbu avtotransport vositalari tizim faoliyatini yanada rivojlantirish, bu orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini berishini aytib o‘tdi.
2020 yilda Toshkent shahar «Tez yordam» stansiyasiga 150 dona Ford rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan avtomashinalar xarid qilingandi.
SSV tahliliga ko‘ra, bundan to‘rt yil avval ushbu tizimda reanimobillar soni atigi 24 ta edi. Bugun esa «Tez yordam» xizmatidagi 435ta reanimobil xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib, 13 ming nafar aholiga bitta avtomashina to‘g‘ri kelmoqda. Bu raqam bundan bir necha yil avval 15 ming nafardan iborat bo‘lgan.
«Sohadagi muhim o‘zgarishlardan yana biri shuki, keyingi yillarda «Tez yordam» brigadalari dislokatsiyasi qayta ko‘rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yanada yaqinlashtirildi. Natijada o‘tgan to‘rt yil davomida xizmat ko‘rsatish radiusi 15-20 kilometrdan 9-12 kilometrga qisqardi.
Shu bilan birga, «Tez yordam»ning kechikishi 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi.
«Tez yordam»ga yangi Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinalarining topshirilishi sohadagi ijobiy o‘zgarishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, bu o‘z navbatida tizimda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va uni xalqqa yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur zamonaviy avtomashinalar mamlakatimizning barcha hududlariga teng taqsimlanadi va ushbu xizmatning avtotransport parkidagi eski Damas avtomashinalarini almashtiradi.
Aytish mumkinki, eng so‘nggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ushbu avtotransport vositalari xalqaro talablarga to‘la mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi. Qolaversa, ambulans aynan qaysi tibbiy yo‘nalishda foydalanilishiga qarab jihozlanishi mumkin.
Shuningdek, mazkur avtomashinalar shahar sharoitida harakatlanish bo‘yicha yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, o‘tuvchanligi, ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan alohida ajralib turadi. Eng muhimi, ushbu mashinalarda harakatni to‘xtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin», deyiladi xabarda.
Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni paytda bunday avtomobillardan 110 donasi yetkazib berilgan.
«Shartnomada ko‘zda tutilgan 1000tadan bugun 110tasi yetkazib berildi. Ushbu avtomobillar aholi sonidan kelib chiqib hududlarga taqsimlanmoqda, xususan, Toshkent shahriga ham. Qolgan Volkswagen’larning hammasi oktabr oyida yetkazib beriladi», deydi vazir o‘rinbosari.
Avvalroq, Amrillo Inoyatov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda zavod bilan 35 mln dollarlik shartnoma tuzilgani va joriy yilning 1 oktyabriga qadar tez tibbiy yordam xizmati uchun 1000ta Volkswagen avtomobili yetkazib berilishi haqida aytgan edi.