Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining 2020 yil 25 sentyabrdagi qaroriga asosan qarzdor A.U.dan undiruvchi Sh.U.ga ikki nafar farzandining ta'minoti uchun daromadning uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Sud qaroriga asosan MIB Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.
Mazkur ijro hujjatiga asosan qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 21, 87-moddalariga asosan tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan. Olingan ma'lumotlarga asosan qarzdorning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan.
Muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash kerakligi inobatga olinib, MIB xodimlari qarzdor A.U. bilan suhbat o‘tkazgan. Unga farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekanligi tushuntirilgan.
Bunday maslahat va suhbatdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota shu kuni farzandi voyaga yetguniga qadar bo‘lgan muddat uchun hisoblangan 167 million so‘m to‘lab bergan. Shundan so‘ng mazkur sud hujjati undiruvchining arizasiga asosan Qonunning 40-moddasi 1-bandiga asosan tamomlangan.