Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov 23 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Toshkent shahar hokimligi 2017 yil avgustdagi prezident qarori ijrosini 5 yildan buyon paysalga solib kelayotganini ta'kidladi.
“Men Toshkent shahri hokimidan juda xafaman. To‘g‘ri, shaharda juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti, buni biz hamisha e'tirof etamiz, har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Biroq prezidentimizning 2017 yil 10 avgustda “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
To‘rttagina banddan iborat qarorda Toshkent shahar hokimligiga Toshkent shahrining Islom Karimov ko‘chasidagi 15-a-uydan uyushma uchun joy berish vazifasi yuklatilgan. Mana, oradan qariyb besh yil vaqt o‘tdi. Lekin haligacha uyushmaga joy ajratilgani yo‘q. Haligacha axborot sohasidagi vakolatli davlat organining binosida ijarada o‘tiribmiz.
Prezident saylovi munosabati bilan yurtimizga ko‘plab xorijiy jurnalistlar tashrif buyurmoqda. Ularning ko‘pchiligi uyushma faoliyati bilan tanishish istagida bizga murojaat qilishmoqda. Ammo gapning ochig‘i, biz ularni qabul qilish uchun hozirgi holatimizdan uyalyapmiz”, deya Olimjon O‘sarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Uyushma raisining qo‘shimcha qilishicha, qarorning boshqa bandlarida ko‘zda tutilgan ishlar ham amalga oshirilmagan. Jumladan, har bir hududda jurnalistlar uchun imtiyozli narxlar asosida uylar qurilishi belgilangan bo‘lsa-da, haligacha bu vazifa bajarilmagan.
“Xafaligimning sababi, prezident qarorida ko‘zda tutilgan mana shu vazifaning ijrosi ta'minlanayotgani bo‘yicha biror OAV bizni qo‘llab-quvvatlab chiqish qilgani yo‘q.
Bundan tashqari, yuqorida nomi ko‘rsatilgan prezident qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uyushma bilan birgalikda ehtiyojmand va faol jurnalistlarga imtiyozli narxdagi uy-joy qurib berish vazifasi ham yuklatilgan. Afsuski, prezident qarorining bu bandi ham ijro etilmay qolib ketgan.
Bu nimadan dalolat beradi? Mana shu holatdan ham xulosa qilish mumkinki, jurnalistlarimiz o‘rtasida birdamlik yo‘q. Tasavvur qiling, mana shu holat xorijdagi birorta mamlakatda sodir bo‘lganda jurnalistlar hokimlik yoki meriyani tinch qo‘yisharmidi?! Bir soat ham tinch qo‘yishmasdi. Lekin bizning jurnalistlarimiz mana shu masalalarga jimgina ko‘z yumib kelishmoqda”, dedi Olimjon O‘sarov.