Qashqadaryoda 2020 yilda ta'mirlangan bog‘chaning pollari chirib ketgani ma'lum qilindi

Jamiyat 17:35 / 21.09.2021 1609

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 21-Davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti qurilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, oqibatda 2020 yilda rekonstruksiya qilingan bog‘cha yana ta'mirtalab bo‘lib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, 21-bog‘chadagi holat viloyat hamda tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mas'ullaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish davomida aniqlanishicha, Shahrisabz tumani «Qiyomshayx» MFYda joylashgan 120 o‘rinli 21-bog‘cha 2020 yil 10 yanvardagi «2020—2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4565 sonli qaroriga asosan 2 milliard 600 million so‘mdan oshiqroq mablag‘ sarflanib rekonstruksiya qilingan.

Ta'mirlash ishlari «23-Mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonna» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan. Qayd etilishicha, bog‘chani rekonstruksiya qilish jarayonida qurilish korxonasi tomonidan bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, havo almashish teshiklarining yopilib qolishi natijasida 1-qavatdagi 3 ta xonadagi pollarda chirish jarayoni kuzatilgan.

Ta'kidlanishicha, aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish masalasi ko‘rib chiqilgan. Ayni kunlarda qurilish ishlarida kamchilikka yo‘l qo‘ygan «23-Mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonna» MChJ tomonidan 3 ta xonaning pol qismi almashtirib berilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: