2000-yillar boshida shahar chetidagi, yantoqzor va o‘ydim-chuqur tashlandiq joyni obod qilib, avtoshohbekat qurib faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tadbirkorning boshqalarga berib yuborilgan o‘z yerini qaytarib olishiga prokuratura astoydil qarshilik ko‘rsatmoqda. Murojaatchiga ko‘ra, prokuratura organlari davlat manfaatlarini emas, xususiy firma manfaatlarini himoya qilmoqda.
Sudma-sud qatnab charchagan, «Asilbek Sayyora» savdo ishlab chiqarish korxonasiga rahbarlik qilib kelayotgan Ismoil Panjiyev shunday hikoya qiladi:
«Shu hududni o‘sha vaqtdagi shahar hokimi 2000 yilda istamasam ham, majburlab menga bergan edi. Tashlandiq, o‘ydim-chuqur joylar edi. 6 metrlik kotlovan bor edi. Kamaz-kamaz tuproq va shag‘al bilan to‘ldirib, tekislab maydon qildim, avtoshohbekat barpo etdim.
Yonimizdagi Yerqo‘rg‘on dehqon bozori ham keyinchalik, 2001 yilda qurildi. Shu bozorning oyoqqa turishida ham o‘zim bosh-qosh bo‘lganman. Odamlarni chaqirganman. Bozordan 20 million so‘mlik aksiyalarim ham bor.
Bugungi kunga kelib bu hudud yiriklashdi, rivojlandi, serdaromad joylarga aylandi. Endi men bir paytlar epaqaga keltirgan, keyinchalik obod qilgan, odamlarni ish bilan ta'minlab turgan joyimga ko‘z olaytirib, tortib olishga urinishmoqda».
Tilla bahosiga tenglashgan yer
Ismoil aka qanaqa muammoga duch kelganini lo‘nda qilib, bu ishlar ortida kimlar turgani va qanday manfaatlar yotganini tushuntirishga harakat qilamiz.
Aslida ham, mo‘may daromad keltirishi mumkin bo‘lgan hududdagi 1 gektardan ziyod yer maydoni anchadan buyon Qarshi shahri hokimligi mulozimlarining tushlariga kirib, oromini o‘g‘irlab kelmoqda.
To‘g‘ri-da, sotixi bugungi kunga kelib tilla narxida bo‘lgan 1 gektar yer maydoniga «yuqori»da tanish-bilishi va odil suddan boshqa ilinji yo‘q allaqanday Ismoil Panjiyevdek kichik tadbirkorning bir o‘zi egalik qilishi adolatdanmi? Albatta, bu hol bilan aslo kelishib bo‘lmaydi! Shu sababli 2003 yildan beri bu yerni undan tortib olishga urinmagan Qarshi shahar hokimining o‘zi yo‘q.
Ismoil Panjiyev esa sabot bilan sudlarda qatnashib, o‘z mulkini himoya qilaverib, professional bo‘lib ketgan. Ammo bugunga kelib uning vajlariga na sud, na prokuratura, na shahar hokimligi quloq tutmoqda. Sabab kundek ravshan: endilikda yerning bahosi nihoyatda qimmat! Qimmat narsa uchun risk qilinsa yarashaveradi.
Biz keyingi yillarda turli viloyatlar ma'muriy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarida uzoqdan uzoq vaqt ko‘rilgan sud majlislari va chiqarilgan qarorga to‘xtalib o‘tirmaymiz.
Yerqo‘rg‘on bozorida prezident qaroriga zid qurilgan savdo majmuasi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 23 martdagi «2017–2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-2853-sonli qaroriga muvofiq, Yerqo‘rg‘on dehqon bozori hududida ham III tipdagi savdo majmuasi (bir qavatli supermarket, 1441,5 kv.m joyda) qurilishi belgilanadi.
Shu qarorning 17-bandida, 2017 yil 1 apreldan boshlab joriy etiladigan tartibga muvofiq, dehqon bozorlariga tutash hududlarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari ushbu dehqon bozorlari tarkibiga o‘tkazilishi va keyinchalik ular faoliyatidan tushgan pul tushumlari dehqon bozorlarining soliq solinadigan daromadlari tarkibiga kiritilishi hamda ushbu mablag‘larning 50 foizi mahalliy budjetlarga yo‘naltirilishi belgilangan.
Qarshi shahrining o‘sha vaqtdagi hokimi Jamshid Fozilov imzosi bilan avval «Asilbek Ziyoda» SIChK tasarrufida bo‘lgan 0.8 ga yer maydonidagi avtomobillar to‘xtash joyi «Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJ tasarrufiga o‘tkaziladi. Shu kunning o‘zida bozor ixtiyoridan shahar hokimligi zaxirasiga qaytariladi va u maydonga III tipdagi supermarket qurish uchun «NBU Bunyodkor invest» MChJga egalik huquqi bilan chiqarib beriladi.
Holbuki, prezident qarorida III tipdagi, bir qavatli supermarket qurish uchun majmuasi 1441,5 kv.m yer maydoni ajratilishi belgilangan. Lekin shunga qaramasdan, «NBU Bunyodkor invest» MChJ bozor hududida sendvich panellardan bir qavatli supermarket o‘rniga temirbeton qurilmalardan ikki qavatli supermarket quradi. Boz ustiga, 1441,5 metr kvadrat o‘rniga 1,67 gektar yerni o‘ziniki qilib oladi.
Shunisi qiziqki, Qarshi shahar hokimining «NBU Bunyodkor invest» MChJga egalik huquqini beruvchi bir kunda bir raqam ostida ikki xil qarori mavjud. Birida 1441,5 kvadrat metr yer ajratilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ikkinchisida 1,67 gektar!!!
Jinoyatligi shundoq ko‘rinib turgan holat ustidan sudda xususiy ajrim chiqarilgan bo‘lsa-da, qarshilik prokurorlar ishni jinoyat alomatlari yo‘q, deya yopti-yopti qilib yuborishadi.
Aslida Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilovning 14 sotix yer ajratish haqidagi qarori prezident qaroriga mos bo‘lsa-da, keyingi hujjatlar aslida noqonuniy bo‘lgan yer maydoni 1,67 gektarga o‘zgartirilgan qarorga muvofiq tayyorlanadi (bu yer maydonining 80 sotixi «Asilbek Ziyoda» SIChKga, 87 sotixi Yerqo‘rg‘on dehqon bozoriga tegishli).
Endi mushohada qiling: bozorlardagi 51 foizlik ulushi yuzasidan hokimliklar pul mablag‘i bilan kirishmaydi. Ular 51 foiz ulushini yer maydoni bilan shakllantiradi. Bozor ulushdorlarining ruxsatisiz 87 sotix u yoqda tursin, 14 sotix joyni ham birgina qaror bilan berib yuborish qonunga zid. Chunki 14 sotix yer kamaysa, avtomatik ravishda mahalliy hokimlikning 51 foizlik ulushi ham kamayadi. Bu esa amaldagi qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Bozorning yeri rezinka emas-ku, u yog‘idan qaychilansa ham, bu yog‘idan kesib olinsa ham 51 foiz ulushni tamsil etib turgani?!
Ustiga ustak, prezident qarorida 51 foiz davlat ulushi saqlab qolinishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, supermarket uni qurgan «NBU Bunyodkor invest» MChJ tomonidan auksionga chiqariladi va supermarketni «GRAND SEVINCH GROUP» MChJga 5 mlrd so‘m evaziga xarid qiladi.
Auksionga albatta, supermarket binosi bilan birga «Asilbek Ziyoda» SIChKga tegishli 80 sotix va Yerqo‘rg‘on dehqon bozoriga tegishli 87 sotix yer maydoni ham qo‘shib tikiladi.
Tabiiyki, Ismoil Panjiyev rahbar bo‘lgan «Asilbek Ziyoda» SIChK yer maydoni uchun supermarketni xarid qilgan yangi korxona bilan sudlashishga majbur bo‘lgan. Muborak tuman ma'muriy sudi Qarshi tuman hokimining to‘rtta qarorini bekor qiladi.
Iqtisodiy sudda auksion ham bekor qilinadi. Hal qiluv qarori ijroga qaratiladi. Lekin oradan bir yil o‘tsa-da, ijro harakatlari amalga oshirilmagan.
Prokuratura savodsizmi yoki manfaatdor?
Sudlarda u g‘olib chiqqach, sudlar «GRAND SEVINCH GROUP» MChJning sudga da'vo arizasi kiritishga yo‘li qolmaydi va garchi davlat va jamoat manfaatlarini ko‘zlashi kerak bo‘lsa-da, o‘rtaga prokuratura aralasha boshlaydi va o‘zini o‘zi himoya qila oladigan qudratli tijorat tashkiloti manfaatini ko‘zlab, sudga ariza bilan murojaat qilmoqda.
Fuqarolik protsessual kodeksining 50-moddasida sud protsessida prokurorning ishtiroki belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, agar fuqaro sog‘lig‘ining holati, yoshi yoki boshqa sabablarga ko‘ra sudda o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini shaxsan himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, prokuror fuqaroning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga ega.
Ammo, yaxshigina advokatlarga ega «GRAND SEVINCH GROUP» MChJ baquvvat tashkilot bo‘lsa-da, davlat manfaatlarini ko‘zlab berilgan arizadan so‘ng sudda «GRAND SEVINCH GROUP» MChJ manfaatlari himoya qilinmoqda. Ya'ni, ikki xususiy tashkilot o‘rtasidagi mojaroda prokuratura ulardan biriga "advokatlik" qilmoqda.
O‘rtadan «lop» etib 619-sonli «bomba» chiqib qoldi-yu!
Va bu qog‘oz qashqadaryolik sudyalar va prokurorlar uchun najot farishtasining o‘zi bo‘ldi. Eng qizig‘i, bunday qaror borligidan na shahar prokuraturasi, na shahar hokimiyatining xabari bo‘lgan. 9 yil avval chiqarilgan va hech kimning xabari bo‘lmagan qarorni arxivdan Ismoil Panjiyevning o‘zi yaqinda topib, sudga taqdim etgan... Va o‘z bo‘yniga «sirtmoq» tashlagan.
Bu qanday qaror ekanki, sirtmoqqa mengzalmoqda? Aslida bu hujjatning ham shahar hokimligining yerni tortib olishga bo‘lgan avvalgi qarorlaridan farqi yo‘q. 2012 yil 2 avgustda shahar prokurori shahar hokimining qaroriga ko‘ra I.Panjiyevga Yerqo‘rg‘on bozoriga tutash hududdan 1,28 ga, «Asilbek Ziyoda» SIChK binolari ostidagi 1050 kv.m yer maydonlari noqonuniy berilgani, yer maydonlari Yerqo‘rg‘on dehqon bozoriga qaytarilishi yuzasidan protest keltirgan. Shahar hokimligi protestni qanoatlantirgan. Ammo bu haqda Ismoil Panjiyevga hech kim xabar bermagan. Ya'ni qaror hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmagan va ijroga qaratilmasdan arxivga ravona bo‘lgan.
Ismoil Panjiyev sudlarda g‘alaba qozonib, bosqichma-bosqich qurib kelayotgan g‘alaba piramidasini birgina mana shu qaror buzib yubordi. Qarshi shahar hokimining 2012 yil 15 avgustdagi 619-sonli qarorini bekor qildirish uchun ma'muriy sudning birinchi va ikkinchi instansiyasida I.Panjiyev yutqazib turibdi. Hozir ish Oliy sudda, bu safar ham najot Oliy sudga qadalgan.
Birinchidan, I.Panjiyev egalik qilayotgan yer hech qachon Yerqo‘rg‘on bozoriga tegishli bo‘lmagan. I.Panjiyev bu yerlarni obod qilib, avtoshohbekat qurganida Yerqo‘rg‘on dehqon bozori katta bozor emas, uncha-muncha odam kelishga erinadigan bozorcha bo‘lgan.
Qolaversa, 619-sonli qaror kuchida bo‘lsa, kompensatsiya masalalari o‘rtaga chiqadi, I.Panjiyev rahbarligidagi «Asilbek Ziyoda» SIChKga zararlarni qoplash uchun evaziga nimadir, pul yoki boshqa yer maydoni berilishi kerak edi. Lekin, yuqorida ta'kidlanganidek, 619-sonli qarordan hech kimning xabari bo‘lmagani bois, yerni «Asilbek Ziyoda» SIChKdan olib qo‘yish haqida qayta-qayta yangi qarorlar chiqavergan. Shu faktning o‘zi bu qaror hech qanday kuchga ega emasligini ko‘rsatadi.
Xullas, ayni paytdagi ishda 2012 yildagi 619-sonli qaror Oliy sudda bekor qilinsagina Ismoil Panjiyevning ishi oldinga siljiydi. Aks holda arxivdan «tirilib» kelgan bir parcha qog‘oz barcha harakatlarni zoye kettiradi.
Eng qizig‘i, bu yoqda hali bekor qilingan auksion bor, «GRAND SEVINCH GROUP» MChJ noqonuniy egalik qilayotgan yer maydonlari bor. Ularning taqdiri nima bo‘ladi? I.Panjiyev mabodo Oliy sudda yengilsa yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolib ketadimi?
Ushbu vaziyatda eng oqilona va adolatli yo‘l — 2 qavatli supermarket binosi «GRAND SEVINCH GROUP» MChJga berilishi, «Asilbek Ziyoda» SIChKga 80 sotix avtomobillar to‘xtash maydoni qaytarilishi, Yerqo‘rg‘on dehqon bozoriga ham tortib olingan 87 sotix yer maydoni qaytarilishidir. Adolat shu. Lekin bu adolatga Qarshida kimlardir ko‘nmaydi va aslo rozi bo‘lmaydi. Sababini tushungandirsiz...
Biz esa vaziyatni kuzatishda davom etamiz.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.