Jizzax va Samarqandda prokurorlar pora bilan qo‘lga olindi

Jamiyat 11:14 / 21.09.2021 44462

DXX tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar doirasida huquq-tartibot idoralari tizimidagi noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi.

Jizzax viloyatidagi tuman prokurorlaridan biri 2 ming dollar miqdorida pora so‘rab, shundan 1200 dollarini olgan, DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman prokurori o‘z xizmat xonasida so‘ralgan pulning qolgan qismini (800 AQSh dollari) olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, u ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanuvchi davlat unitar korxonasining mansabdorlari va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida o‘tayotgan qurilish firmasi rahbariga qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llamaslik hamda mazkur firmada aniqlangan kamomad miqdorini kamaytirib ko‘rsatish evaziga pora so‘ragandi.

Samarqand viloyatidagi tuman prokurorlaridan birining o‘rinbosari moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida mahalliy fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan sud tomonidan tayinlangan 3 yil ozodlikni cheklash jazosini boshqa og‘irroq jazo turiga o‘zgartirish uchun protest kiritib, sudning apellyatsiya bosqichi jarayonida hukmni o‘z kuchida qoldirish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu so‘ralgan pulni prokuror o‘rinbosarining topshirig‘iga ko‘ra uning vositachisi olgan vaqtida ushlandi. Tuman prokurori o‘rinbosarining bu ishga aloqadorligi uning vositachisi bergan ko‘rgazma hamda to‘plangan ashyoviy dalillar asosida to‘liq tasdig‘ini topgan.

Bundan tashqari, MIB va bojxona xodimlari firibgarlikka qo‘l urib, ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Namangan viloyatidagi tumanlardan birining Majburiy ijro byurosi rahbari mahalliy fuqaroning Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod davlat universitetidagi o‘qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko‘chirishida Oliy ta'lim vazirligidagi tanishlari orqali yordam berishini aytib, xizmati evaziga 700 dollar so‘raydi, shundan 300 dollar va 1 million 50 ming so‘m oladi.

Pulning qolgan qismini berishni talab qilib, 200 dollar va 1 million 50 ming so‘m olgan vaqtida DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasini jalb etgan holda o‘tkazilgan tadbirda ushlandi.

Shuningdek, Buxoro viloyatidagi «Qorako‘l» bojxona posti katta inspektori xorijiy tadbirkordan 800 AQSh dollari so‘rab, bir qismini olgan paytda ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: