Soliqdagi o‘zgarishlar, oltin hajmining ortishi, avtomobil bozoridagi yangiliklar – hafta «iqtisodiy dayjesti»

Iqtisodiyot 20:22 / 19.09.2021 17477

Kambag‘allar soni 2022 yilda hisoblab chiqiladi

Hukumat qaroriga muvofiq minimal iste'mol xarajatlari kambag‘allikning rasmiy chegarasi sifatida belgilandi. Rasmiylarga ko‘ra, 2021 yilda 10 ming xonadonda so‘rovnoma yakunlangach, ijtimoiy himoya reyesteri orqali kambag‘allar soni hisoblab chiqiladi.

O‘zbekistonda oltin uchun ETFlar paydo bo‘ladi

O‘zbekistonda birja investitsion fondlari (ETF), shu jumladan, oltin uchun ham ETFlar paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi ma'lum qilindi.

Tadbirkorlarga 9 trln so‘mdan ortiq QQS qaytarildi

2021 yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik sub'yektlarining 9,8 mingta murojaati bo‘yicha 9 trln so‘m mablag‘ qaytarib berilgan. Shuningdek, tahlika-tahlil dasturi orqali soliq to‘lamaslik xavfi yuqori bo‘lgan 802 ta “shubhali” korxonalar ro‘yxati shakllantirilgan.

Ayrim hududlarda alohida soliq rejimi kiritildi

Alohida hududlarga Farg‘ona viloyatining ayrim tumanlari kiritildi. Ularda foyda va daromad solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq stavkalari 1 foiz, shuningdek, ijtimoiy soliq yuridik shaxslar uchun 1 foiz, YaTTlar uchun esa BHMning 1 barobari miqdorida belgilandi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq 2 barobarga pasaytiriladi

2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi YaTTlar belgilangan ijtimoiy soliq stavkasini ikki baravarga pasaytirilgan holda to‘laydi.

2022 yildan tadbirkorlarga o‘z ehtiyoji uchun elektr ishlab chiqarganda davlat tomonidan qulayliklar beriladi

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev 2022 yil 1 yanvardan boshlab elektr energetika sohasida juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘lishini ma'lum qildi.

“Eng muhim yangiligimizdan bittasi bu – elektr energiyani o‘z ehtiyoji uchun ishlab chiqarish tartibi yanada soddalashtiriladi. Qandaydir ishlab chiqarishi bor tadbirkor o‘z ehtiyoji uchun elektr ishlab chiqarishi mumkin. Bunda davlat unga bir qator qulayliklar beradi”, – dedi u.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari avgustda ham ko‘paydi

Oltin-valuta zaxiralari o‘tgan oy 1 mlrd dollarga ko‘paygan bo‘lsa, 1 sentyabrda 0,3 mlrd dollarga oshdi.

Sentyabrda zaxiralar 35,4 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Avgustda ham zaxiralar 1 mlrd dollarga oshib, 35,1 mlrd dollarga teng bo‘lgandi.

O‘zbekistonda avtomobil sotib olish ko‘rsatkichi pandemiya davriga nisbatan sezilarli pasaydi

Avgustda iyulga nisbatan avtomobilga bo‘lgan talab o‘sganiga qaramay, pandemiya davriga nisbatan keskin kamaydi. Talab pasayishi 18,6 foizga yetdi.

Avgustda eng ko‘p “Damas” ishlab chiqarildi

Avtomobil ishlab chiqarish sanoatida 2021 yilning avgust oyida 3 690 dona “Damas” ishlab chiqarilgan.

2021 yilning avgust oyida ishlab chiqarilgan avtomobillar soni quyidagicha:

• Damas – 3 690 dona; 

• Cobalt – 350 dona;

• Lacetti-Gentra – 2 dona;

• Labo – 1 315 dona;

• Nexia T-250 – 177 dona.

Yangi avtomobillarni xarid qilishda yuzaga kelayotgan “shapka”larga izoh berildi

“O‘zavtosanoat” AJ Kun.uz tomonidan e'lon qilingan maqoladagi savollarga javob berdi. Kompaniya mikrochiplar tanqisligi tufayli yangi avtomobillar kam ishlab chiqarilayotgani va natijada noqonuniy yo‘llar yuzaga kelayotganini ta'kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: