Bugun, 18 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi xalq tilida «Malika» nomi bilan mashhur bo‘lgan buyum bozorida Ichki ishlar vazirligi maxsus kuchlari yurgani aks etgan videolar tarqaldi. Ularda qora niqobli xodimlar savdo majmuasidagi do‘konlar bo‘ylab yurganini ko‘rish mumkin.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi. Ma'lum qilinishicha, «Malika» savdo majmuasi joylashgan Shayxontohur tumanida IIBB xodimlari tomonidan «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi ijrosi doirasida hamda jamoat tartibini ta'minlash, jinoyatlarning oldini olish, giyohvandlik vositalari tarqalishiga barham berish maqsadida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 sentabr kuni Toshkentdagi «Malika» savdo majmuasi oldida telefon savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir necha fuqarolar o‘rtasida pichoqbozlik oqibatida bir kishi vafot etgan edi.