“Shahzodalar shahri Manisada yashayman” – Turkiyada ishlovchi o‘zbek shifokori bilan suhbat

Jamiyat 17:49 / 18.09.2021 14094

“Tibbiyot institutini 2002 yilda tugatganimdan keyin ma'lum muddat davlat shifoxonasida, tibbiy yordamda ishladim. Ishdan tashqari ingliz tilini o‘rgandim, yoshlar tashkilotida faoliyat olib bordim. Xorijga qiziqishim o‘sha paytlarda jiddiylashgan bo‘lsa ajabmas”, – deydi Malika biz bilan suhbat boshida.

– Turkiyaga borib qolishingiz tarixini so‘zlab bersangiz?

– O‘zbekistonda ishlagan paytimdagi davrlarni entikish bilan eslayman. Sababi, ana shunday sinovlar insonni toblarkan, ne'matlar qadriga yetishga o‘rgatarkan. Turkiyaga kelishim tarixi aslida ishim bilan bog‘liq emas. Aksincha, Turkiyaga kelganimdan so‘nggina shifokorlikka kirishganman. 2003 yilda turk millatiga mansub insonga turmushga chiqdim va erim bilan Turkiyaga ko‘chib keldim.

Ko‘pchilik Turkiya deganda Istanbul, Anqara, Izmir va Antaliya kabi shaharlarni tushunadi. Lekin bu davlatning 81ta viloyati bor. Biz yashaydigan Manisa shahri ham juda qadimiy va go‘zal. Ko‘pchilik uni valiahd shahzodalar sanjagi sifatida yaxshi biladi. Sulton Sulaymonning o‘g‘li Mustafo aynan shu yerda yashagan. Men ham oilam, ikki o‘g‘il va ikki qizim bilan Manisada yashayman hamda oilaviy shifokor bo‘lib ishlayman.

– O‘zbekiston diplomi bilan ishga kirishingizda muammo bo‘lmaganmi?

– Bo‘lgan, bizning diplomimiz, umuman xorijiy diplomlar Turkiyada nostrifikatsiya qilinishi zarur. Nostrifikatsiyasiz na davlat, na xususiy shifoxonalar ishga olishadi. Buni shu yerga kelib bildim. Anchagina murakkab bo‘lgan ikki bosqichli imtihonlar bor va ular poytaxt Anqarada o‘tkaziladi.

O‘zbekistondan kelgan ko‘p shifokorlar qanday qilib nostrifikatsiyadan o‘tganimni so‘rashadi, qo‘limdan kelganicha tushuntiraman. Birinchisida fundamental fanlardan topshirilsa, ikkinchisi bevosita tibbiyot bilan bog‘liq. Imtihonni birinchi urinishda topshira olmaganman. Chunki hali bu davlatga moslashish jarayonida edim, yosh bolam bor edi. Keyinchalik qattiq tayyorlanib imtihondan o‘tganman va oilaviy shifokor litsenziyasini qo‘lga kiritganman. Dastlab ishimni Chanoqqal'a shahrida tez tibbiy yordam bo‘limida boshlagandim.

Shu o‘rinda bir narsani aytgan bo‘lardim – O‘zbekistonda bizga berilgan bilimlar bu yerda ham asqatgan. Ya'ni yoshlarga shuni aytaman – yaxshi o‘qisangiz baribir foydasi tegadi.

– An'anaviy savol – ikki davlat tibbiyotini solishtirsak, qanday o‘xshashlik va tafovutlar ko‘riladi?

– Turkiyada tibbiyot uch bosqichga asoslangan. Birinchi bosqich “xalq sog‘ligini qo‘rish” deb nomlanadi va unda asosan kasalliklar profilaktikasiga e'tibor beriladi. Bu tizimga oila sog‘lik markazlari, sil kasalliklari dispanserlari kabilar kiradi. Ikkinchi bosqich tibbiyot tizimi har bir hudud markazidagi shifoxonalar faoliyatiga asoslangan. Bu shifoxonalarda tez tibbiy yordam xodimlari hamda tor mutaxassislar ishlashadi. Umuman, Turkiya tibbiyoti asosan mana shu ikkinchi bosqichdagi tizimga suyanadi.

Har bir hududda yashovchi aholi sonidan kelib chiqib o‘rinlar (koyka) ajratiladi. Masalan, men yashaydigan shaharda 120 ming aholi bo‘lsa, shifoxonada 350 o‘rin bor.

Uchinchi bosqich tibbiy tizim esa eng yakuniy tizimdir. Bu universitetlar qoshidagi yirik klinikalar, yirik ilmiy tadqiqot markazlari, ko‘p tarmoqli yoki ixtisoslashgan shifoxonalardan iborat. Shu bilan birga juda yirik nodavlat klinikalar ham uchinchi bosqich tizimida faoliyat yuritadi.

Turkiyada nodavlat tibbiyot kuchli rivojlangan. Katta klinikalarga juda ko‘p davlatlardan bemorlar kelib davolanib ketishadi.

Jiddiy farqlardan biri bu Turkiyada barcha ishlovchi barcha fuqarolar maoshidan tibbiy sug‘urta uchun badal ushlab qolinadi va fuqaro kasallansa, shu sug‘urtasi orqali davlat tibbiy tizimining barcha bosqichlarida davolanishi mumkin. Bilishimcha, O‘zbekistonda bunday tizim endi-endi yo‘lga qo‘yilyapti.

Meni ta'sirlantirgan bir jihat haqida alohida aytgim keldi. Besh yil davomida gemodializ bo‘limida ishladim. Turkiyada gemodializga muhtoj barcha bemorlar alohida saytda ro‘yxatdan o‘tishgan, ularga barcha xizmatlar bepul ko‘rsatilishi bilan birga transplantatsiya ham navbat asosida amalga oshiriladi. Bemor gemodializga maxsus mashinada olib kelinadi, olib borib qo‘yiladi va maxsus yeguliklar bilan ham ta'minlanadi. Albatta, o‘ziga yarasha muammolar ham bor, bunday bemorlar soni bilan birga tibbiyotga yuklama ham ortib bormoqda.

– Yana bir an'anaviy savol – sir bo‘lmasa, qancha maosh olasiz?

– Keling, batafsil tushuntiray – Turkiyada tibbiyot fakultetini tugatib, ish boshlagan shifokorning oyligi o‘rtacha 1,5 ming dollardan iborat bo‘ladi. Mutaxassis bo‘lganidan keyin albatta maoshi oshib boraveradi. Buni umumiy tushuncha uchun aytyapman.

Shaxsan o‘zimga kelsak, men xizmat ko‘rsatadigan 2,5 ming aholi bor. Men kabi shifokorlarning maoshlari ham hududlarga ko‘ra turlicha 1,5-3 ming dollar atrofida. Istanbul kabi yirik shaharlarda yoki Suriya chegaralaridagi hududlarda maoshlar yuqori.

Mening maoshim ko‘ngildagidek yashash, bolalar uchun to‘lovlar qilish, mashina kabi xarajatlarimga, yiliga bir marta dam olishimga yetadi.

– So‘zlashuvingizda ham turkcha ohanglar seziladi, bolalaringiz o‘zbekchani bilishadimi? O‘zbekistonni sog‘inasizmi, borib turasizmi?

– Taqdir ekan, shu yurtlarga kelin bo‘ldim. Lekin O‘zbekistonni ona yurtim deb bilaman. Sog‘inch bor, albatta. Lekin endi kelgan paytlarimdagidek emas. Bir tarafdan ko‘nikkan bo‘lsam, ikkinchi tarafdan zamonaviy texnologiyalar, internet tufayli yaqinlarim bilan doimiy aloqadaman.

Farzandlarim o‘zbekchani bilishadi, ko‘proq muloqot qilishlari uchun har ta'tilda ma'lum muddat vatanga olib boraman.

Shu o‘rinda O‘zbekiston haqida muntazam axborot berib turadigan jamoangizga alohida rahmat aytmoqchiman. Kun.uz’ni Turkiyadagi vatandoshlar muntazam kuzatib boradilar.

– Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: